Qonun bilan tayanch tushunchalar joriy etildi, asosiy prinsiplar belgilandi. Jumladan, qonuniylik, oshkoralik va ochiqlik, investitsiya faoliyatini amalga oshirish erkinligi, investorlarning vijdonliligi prezumpsiyasi kabilar investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplaridir.

Qonunga koʻra, investitsiyalar moʻljallangan obyektiga koʻra kapital, moliyaviy va ijtimoiy turlarga boʻlinadi. Inson salohiyatini, koʻnikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini rivojlantirishga, shuningdek nomoddiy boyliklarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiya ijtimoiy investitsiya hisoblanadi. Shuningdek, Qonun bilan investitsiyalarni amalga oshirish shakllari, investitsiya resurslari belgilandi.

Xususan, pul mablagʻlari (shu jumladan chet el valyutasi) va boshqa moliyaviy mablagʻlar, shu jumladan kreditlar, paylar, ulushlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar, koʻchar va koʻchmas mol-mulk hamda boshqa obyektlar investitsiya resurslari jumlasiga kiradi. Bundan tashqari, Qonunda investorning, investitsiya faoliyati ishtirokchisining huquqlari, majburiyatlari, investitsiya faoliyati subyektlarining huquqiy kafolatlari mustahkamlandi. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy oʻtgach kuchga kiradi.

Qonunning toʻliq mazmuni https://lex.uz/docs/4664142 da joylashgan.