Namanganning chekka qishloqlaridan biri —Uchqo‘rg‘on tumanidagi Shahrixonchekda Uztex Uchkurgan tomonidan zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qo‘shma korxona 100 o‘rinli bog‘cha qurilishiga 4,3 milliard so‘m sarfladi. Mazkur muassasa to‘liq jihozlanib, Maktabgacha ta’lim vazirligi ixtiyoriga topshirildi.

Bog‘cha faoliyat boshlashi bilan 30 nafardan ortiq kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Muassasa ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, korxona direktori Farhod Mamajonov, mehnat faxriysi Abdurahim Jo‘rayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni jahon andozalari talablariga javob beradigan bog‘cha foydalanishga topshirilgani bilan qutladi.

Манба: daryo.uz