2019 yil 11 fevralda "O'zto’qimachiliksanoat" uyushmasi Qirg'iziston Respublikasi sanoat, energetika va erosti boyliklardan foydalanish davlat qo'mitasi raisining o'rinbosari J.Saginbayev boshchiligidagi ishbilarmon doiralar vakillari delegatsiyasi bilan muzokaralar o'tkazdi.

Uchrashuvda to'qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati sohasida ikki mamlakat o'rtasida o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xususan to'qimachilik, tikuvchilik va trikotaj mahsulotlarini targ’ib qilish va sotish, tayyor mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish va ularni keyinchalik uchinchi mamlakat bozorlariga eksport qilish masalalari muhokama qilindi.

So’nggi yillarda ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib, iqtisodiy hamkorlik sur’atlari o’sib bormoqda. Xususan, o'zaro tovar ayirboshlash hajmining kengayishi va diversifikatsiya qilish kuzatildi. 2018 yil oxiriga kelib Qirg'izistonga to'qimachilik mahsulotlari eksporti  70,0 million dollarni tashkil etdi.

Uchrashuv davomida ikkala mamlakat to'qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar ham o'tkazildi.

Bundan tashqari, tashrif davomida Qirg'iziston Respublikasi delegatsiyasi "Bakan Tex" va "Uztex Group" korxonalarida bo’lib, to'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishadi.

 

"O'zto’qimachiliksanoat" uyushmasi matbuot xizmati