Joriy yilning 6 dekabr sanasida Toshkentda O'zbekiston-Koreya To'qimachilik texnoparkini amalga oshirish bo'yicha biznes-brifing bo'lib o'tdi. Tadbir Koreya Respublikasining Geonji Daejin Texnoparki va Koreya Respublikasining Geonji shimoliy tumanidagi trikotaj sanoat kooperativi ko'magida “O’zto’qimachiliksanoat" uyushmasi tomonidan tashkil etildi.

Tadbirda “O’zto’qimachiliksanoat" uyushmasi, Janubiy Koreya delegatsiyasi vakillari, Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti rahbarlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, nufuzli kompaniyalar, ekspertlar, ishbilarmonlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

“O’zto’qimachiliksanoat" uyushmasi, "Geonji Daejin" texnoparki va "Geonji trikotaj sanoat kooperativi" hamkorligida tajriba almashish va qo'shimcha resurslarni jalb qilish jadallashmoqda. Koreyalik hamkorlarning texnologik tajribasi g'oyalarni ishlab chiqarish va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlarga aylantirish uchun maydon bo’lib xizmat qiladigan universal to'qimachilik infratuzilmasi obyektini yaratishga imkon beradi.

“O’zto’qimachiliksanoat" uyushmasi bo'limi boshlig'i S.Odinayev brifingda "To'qimachilik texnoparkini rivojlantirish va tashkil etish" mavzusida taqdimot o'tkazdi. O'zbekiston-Koreya Texnoparki to'qimachilik sohasidagi innovatsion g'oyalarni olimlar va korxonalarning o'zaro hamkorligi orqali amalga oshirishga qaratilgan loyihadir. Ayni kunlarda O'zbekiston-Koreya to'qimachilik texnoparki qurilishining yakuniy bosqichi amalga oshirilmoqda. 2019 yil mart oyida O'zbekiston-Koreya to'qimachilik texnoparki ish boshlaydi, dedi S. Odinayev o'z ma'ruzasida. Shuningdek, "Geongi Daejin" texnoparki mutaxassislari "To'qimachilik texnoparkining asosiy funktsiyalari va vazifalari" mavzusida taqdimot o'tkazdi.

Texnoparkning asosiy vazifalaridan biri yengil sanoat sohasidagi o'zbek korxonalariga Janubiy Koreyaning sohaga oid eng zamonaviy innovatsiyalarini jalb qilish va amalga oshirishni tashkil etishdan iborat. Bundan tashqari, texnoparkning vazifasi materialshunoslik, bo'yash va bezash, mato va kiyim-kechaklarni loyihalash, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish sohasida qo'shma tadqiqotlar o'tkazishdan iborat bo'ladi.

Janubiy Koreya ekspertlari guruhi ishtirokchilarga Toshkentdagi To'qimachilik texnoparki faoliyati, uning asosiy vazifalari, O'zbekiston to'qimachilik sanoatini rivojlantirishdagi o'rni haqida so'zlab berdi. Texnoparkning bir qismida yuqori texnologiyali ofis binosi joylashtiriladi, shuningdek quyosh panellari bilan jihozlangan texnologiyalar yordamida eksperimental ishlab chiqarishni tashkil etish uchun umumiy maydoni o’n ming kvadrat metrdan ortiq bo'lgan alohida bino quriladi. Bundan tashqari, texnopark zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi, ular yangi mahsulotlar prototiplarini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo'ladilar. Bunga qirq nafardan ortiq tadqiqotchi, shu jumladan Koreyadan mutaxassislar yordam beradi.

Texnopark binosi Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan. Ofislardan tashqari, u laboratoriyalarni - kimyoviy, biologik, ekologik, shuningdek, pilot mahsulotlarni ishlab chiqarish bo'yicha ishlab chiqarish ustaxonasini tashkil etadi. To'qimachilik sohasida olimlar va korxonalarning o'zaro hamkorligi orqali innovatsion g'oyalarni joriy etish maqsadida O'zbekistonning yuzdan ortiq talabalari va magistrlari Koreya institutlarida, maxsus to'qimachilik texnoparklarida malaka oshirishi muntazam yo’lga qo’yiladi.

Tadbir doirasida joriy yilning noyabr oyida Koreya Respublikasidagi amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlagan mahalliy sanoat mutaxassislariga sertifikatlar topshirildi. Yakunda “O’zto’qimachiliksanoat” uyushmasi va "Geongi Daejin" texnoparki va "Geonji trikotaj sanoat kooperatsiyasi" to'qimachilik sanoati sohasida hamkorlik to'g'risida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Shartnomada innovatsion to'qimachilikni rivojlantirish va sanoat xodimlari o'rtasida o'zaro hamkorlik, tashkilotlarning rivojlanishi, texnologiya transferi va to'qimachilik sanoatini rivojlantirish nazarda tutilgan.

Ma'lumot uchun: 2017 yil 7 fevralda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaroriga asosan Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan 15 million AQSh dollari miqdorida moliyalashtirilgan O'zbek-Koreya texnoparkini qurish boshlandi.

 

"O'zto’qimachiliksanoat" uyushmasi matbuot xizmati