“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi rahbariyati joriy yil 12-fevralda tarmoq fahriylari bilan uchrashuv tashkil etdi.

Uchrashuvda tarmoq faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi “Fahriylar kengashi” tuzilishi va vazifalari belgilandi. Jumladan:

- tarmoq korxonalari faxriylarini maʼnaviy-axloqiy negizlarini mustahkamlashda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va ularni ijtimoiy faoliyatga jalb etish;

- tarmoqda yangi innovatsion texnologiyalar va uslublarni, matolarning yangi tarkibini ishlab chiqishda hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotda joriy etilishda ishtirok etish;

- keksalar hayoti darajasini oshirish, ular uchun nazarda tutilgan pensiyalar va imtiyozlar boʻyicha qonun hujjatlari qoidalari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash, ehtiyojmand keksalarni va aholining boshqa qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, xayriya va boshqa tadbirlarni amalga oshirish;

- keksalar uchun ularning yoshini hisobga olgan holda turli ijtimoiy-madaniy tadbirlar, telemarafonlar, maxsus sport musobaqalari, keksa yozuvchilar, artistlar, xonandalar, rassomlarni va ijodiy ziyolilarning boshqa vakillarini taklif etgan holda ijodiy kechalar tashkil etish;

- yosh oilalar oʻrtasida ajralishlar, yoshlarni turli oqimlarga kirib ketishi va huquqbuzarliklarning oldini olish, oʻquvchilarning davomati masalasi, xorijga ketgan yoshlarni yurtimizga qaytarish va ularni ish bilan taʼminlashda jamoatchilik nazoratini oʻrnatish kabi masalalarini bajarish boʻyicha kelishib olindi.