Davlatimiz rahbari ikki yil muqaddam Uztex kompaniyalar guruhiga Shovot tumanida yuqori texnologik imkoniyatlarga ega mazkur korxonani tashkil etish va mahalliy aholini ish bilan taʼminlash yuzasidan topshiriqlar bergan edi.

Oʻtgan davrda ilgari mavjud boʻlgan korxona negizida ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan, mingdan ortiq ish oʻrniga ega “Katqalʻa teks” korxonasi ishga tushirildi.

Loyiha qiymati 65 million dollar boʻlgan korxona faoliyati ikki bosqichda tashkil etildi. 2017-yilda amalga oshirilgan dastlabki bosqichda Italiyaning “Lonati” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 528 ta, joriy yilda yana 512 ta paypoq toʻqish dastgohi xarid qilindi. Ushbu dastgohlar Buyuk Britaniyaning “Maritex Industrial LLP” kompaniyasi tomonidan keltirib oʻrnatildi.

Bugungi kunda korxonada turli oʻlchamdagi ayollar, erkaklar va bolalar paypoqlari ishlab chiqarilmoqda. Yiliga 70 million juft, qiymati 30 million dollarlik paypoq tayyorlash quvvatiga ega qoʻshma korxonada ishlab chiqarish jarayoni toʻliq innovatsion texnologiyalar asosida boshqariladi.

Oʻtgan yili korxonada 5,7 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, ichki bozorga yoʻnaltirildi. Joriy yildan toʻla quvvat bilan ishlay boshlagan korxonada oktyabr oyi holatiga koʻra 12,5 million juft paypoq toʻqildi. 3,85 million dollarlik mahsulot AQSH, Rossiya, Moldova, Ukraina kabi qator mamlakatlarga eksport qilindi.

Prezidentimiz korxona qoshida tashkil etilgan logistika markazi, toʻquv, qadoqlash sexlari, laboratoriya faoliyati bilan tanishdi, ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqdi.

Mazkur korxona texnologik imkoniyatlariga koʻra dunyoda sanoqli, Markaziy Osiyoda yagona fabrikadir. Korxonada ayni kunda paypoq, sochiq kabi toʻqimachilik mahsulotlarining yangi modellarini oʻzlashtirish va eksport hajmini oshirish boʻyicha ish olib bormoqda.

Iqtisodiyotimizga qoʻrqmasdan investitsiya kiritish, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha yaratilgan sharoitlar tufayli bugun tadbirkordan qoʻrquv yoʻqoldi. Korxona quraman, ish oʻrni yarataman degan ishbilarmonlarga hech qanday toʻsiq yoʻq, biznes uchun barcha kafolatlar yaratilgan. Bundan xorijiy hamkorlar ham xabardor boʻlib, eksportga hissa qoʻshmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerda Xorazm viloyatida toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish, “Dererlop Textile” MCHJ tomonidan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida yengil sanoat majmuasi tashkil etish, Shovot tumanida aralash va paxta ip-kalava ishlab chiqarish boʻyicha yangi yigiruv fabrikasi qurish, Urganch shahrida “Textile finanse Horezm” MCHJ tomonidan tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, Toshkent viloyati Parkent tumanida Uztex Zarkent sanatoriysini barpo etish loyihalari haqida maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari yengil sanoat tarmogʻini jadal rivojlantirish, mahsulot eksportini kengaytirish, qoʻshimcha daromad manbalari va ish joyini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.