Men, Umid Asxanov 2014-yilda Toshkentdagi Singapur Menejmentni rivojlantirish Universitetini bakalavr va 2018-yilda Magistratura yoʻnalishlarini tamomladim va hozirda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi Investitsiyalarni jalb qilish va tashqi faoliyat boʻlimi rahbari boʻlib ishlab kelmoqdaman.

Talabalik yillarimda xorijiy universitet taʼlimini oʻz yurtimizda olar ekanman, kelgusida yetuk kadr boʻlib yetishishni, davlatimiz rivojiga oʻz hissamni qoʻshishni niyat qilganman.

Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati respublikamizning muhim iqtisodiy drayverlaridan biriligini hisobga olib, ushbu nufuzli tashkilot xodimi boʻlishni istadim.

Soʻngi yillar davomida toʻqimachilik sanoati xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish va investitsion jozibadorligi boʻyicha respublikamizda yetakchi oʻrinlarni egallab kelmoqda. Hozirda sohaga 3.2 mrld.dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilindi, 300 dan ortiq qoʻshma korxonalar tashkil qilindi, 150 mingdan ortiq yangi ishchi oʻrinlari yaratildi, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga katta imkoniyatlar yaratilmoqda, shu jumladan, Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Qarorida koʻrsatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2018-yilda Uyushma tashabbusi va homiyligida jahonning eng nufuzli universitetlaridan birida – yaʼni London School of Economy and Political Science (London iqtisodiyot va siyosat maktabi/universiteti) da xalqaro aloqalar, biznes, iqtisodiyot va siyosat yoʻnalishlarida malakamni oshirib kelishga muyassar boʻldim.

Uyushmadagi ish faoliyatim davomida qator mamlakatlarda boʻlib muzokaralarda, koʻrgazma va forumlarda ishtirok etib bilim va koʻnikmalarimni oshirdim.

Men, Respublikamiz yetakchi tashkilotlaridan biri boʻlgan “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi xodimi boʻlganimdan faxrlanaman va yurtimizni farovon kelajagi va rivoji uchun sidqi dildan mehnat qilaman.