Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan vaqt ichida, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi.

Yosh avlodning sogʻlom boʻlib oʻsishi, sifatli taʼlim olishi va barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishini taʼminlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 5 ta muhim tashabbusni joriy etish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Qarorida koʻrsatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “Oʻztoʻqimachiliksanoat” Uyushmasi tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

Dasturga koʻra 2020-yilda “Yuksak maʼnaviyatli avlod” festivali, Fidoyi yoshlar” aksiyasi, “Farzandlik burchim”, “Terrorizm va diniy ekstremizm – davr muammosi” mavzusida uchrashuv va muhokamalar, “Tadbirkorlik – davr talabi”, “Ustoz – shogird” tanlovlari, boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari, “Zukko kitobxon”, “Yosh AKT xodimi”, “Yosh ekolog”, “Yashil hudud” tanlovlarini, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi, “Yoshlar forumi” tadbirlarini oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Joriy yilning 7-fevral kuni “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Xaydarov uyushmada faoliyat yurituvchi yosh kadr xodimlar bilan davra suhbati oʻtkazdi.

Yoshlar bilan boʻlib oʻtgan doʻstona uchrashuvda uyushma raisi yosh kadrlarni oʻz sohasining yetuk mutaxassislari va yuksak maʼnaviyatli shaxslar sifatida tarbiyalash orqali mamlakatning tayanchi, kuchi va iftixoriga aylantirish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligi aytib oʻtdi.

Uyushma yoshlari oʻzlarini oʻylantirayotgan masalalar, qiziqtirayotgan savollarni oʻrtaga tashlab, yetarlicha javob olishdi. Yoshlarning erkin ishlashi, samarali hordiq chiqarishi, faol maʼnaviy hayoti uchun amalga oshirilayotgan chora va tadbirlar bilan tanishtirildi. Uchrashuvda yoshlar bilan alohida ishlashning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish lozimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida oʻquv seminarlarda ular ishtirokini taʼminlash va xorijiy mamlakatlarda malakasini oshirish orqali katta natijalarga erishish mumkinligi haqida soʻz bordi.

Misol uchun, hozirda uyushmaning 56 % xodimini yoshlar tashkil etadi. Bular avvalo, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoati instituti, Toshkentdagi Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent iqtisodiyot universiteti, Oʻzbekiston Milliy Universiteti bitiruvchilaridir. Oʻtgan yillar mobaynida yosh kadrlar malakasini oshirish maqsadida 15 ortiq xodim Yaponiya, Xitoy, Angliya, Germaniya, Koreya, Hindiston va boshqa xorijiy davlatlarda oʻz malakalarini oshirib qaytdilar.

Doʻstona va ochiq muloqot tarzida kechgan uchrashuvda uyushma raisi I.Xaydarov oʻzining hayotiy tajribalari bilan oʻrtoqlashdi va bu bilan xodimlarni yuksak maqsadlar sari intilishga ruhlantirdi.