“O’zto’qimachiliksanoat” uyushmasida Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECH) Xalqaro hamkorlik departamenti direktori janob Chung Jae-Hak boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Uchrashuvda Toshkentda “Koreya Respublikasi Hukumatining rasmiy taraqqiyot yordami” doirasidagi grant mablag'lari hisobidan amalga oshirilayotgan Koreya-O'zbekiston to'qimachilik Texnoparki loyihaning bugungi holati muhokama qilindi.

Tomonlar birgalikda amalga oshirilayotgan nou-xau loyihalari va texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishdagi hamkorlik, mahalliy to'qimachilik mahsulotlari sifatini nazorat qilish va sertifikatlash, uning raqobatbardoshligini yanada oshirishga qaratilgan chora-tarbirlarni alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, tomonlar kelgusida O'zbekiston viloyatlarida Texnoparkning qo'shimcha filiallarini tashkil etish bo'yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Bu esa mamlakatimizning chekka hududlarida malakali mutaxassislar tayyorlash va malaka oshirishlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Uchrashuv davomida tomonlar to'qimachilik, sifatni nazorat qilish va sertifikatlash sohasida ilg'or xalqaro tajribani amalga oshirishda Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECH) va "O'ztekto’qimachiliksanoat" uyushmasi o'rtasida o'zaro munosabatlar  yuqori darajada ekanligi va jadal rivojlanib borayotganini ta’kidlashdi.