Shu yilning 18 dekabr kuni O'zbekiston Yoshlar Ittifoqining majlislar zalida "O'zbekiston Respublikasi to'qimachilik sanoati rivojlanish istiqbollari" mavzusida va O'zbekistonning birinchi to'qimachilik elektron savdo platformasi - Uzbtextile.com taqdimoti bo'lib o'tadi.

Tadbir "O'zto'qimachiliksaoat" uyushmasi, O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O'zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi, "Fratelli Casa" O'zbekiston kiyim-kechak brendi va RANSIF Group konsalting kompaniyasi hamkorligida tashkil etilmoqda. Unda diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, nufuzli kompaniyalar, to'qimachilik sanoati sohasi ekspertlari va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.

"O'zto'qimachiliksaoat" uyushmasi marketing agentligi direktori R.Keldiyorov, O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov, elektron savdo maydonchasining asoschilaridan Sh.Qayumov va S.Nosirbekovlar mavzularga oid taqdimotlar qilishadi. O'zbekiston to'qimachilik sanoatining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, eksport salohiyatini oshirish, elektron tijorat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish tizimi, to'qimachilik va tikuvchilik sanoati sohasida raqamli texnologiyalar, moda sanoatidagi tendentsiyalar muhokama qilinadi.

Anjumanda "Uzbtextile.com" savdo platformasining yaratuvchilari O'zbekiston to'qimachilik tarmog'ining etakchi vakillariga yangi xizmat taqdimotini o'tkazadi. Platforma a'zo bo'lgan mijozlarga to'g'ridan to'g'ri kirish huquqini beradi, bu har ikki tomonga ham ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish imkonini beradi. Dastlabki bosqichda onlayn platforma bepul ishlaydi. Kelajakda ishlab chiqaruvchilarning xizmatdan foydalanganliklari uchun to'lov tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Loyiha asoschilari quyidagilarni mazkur platformaning asosiy afzalliklari, deya ta'kidlashmoqda:

- Har qanday kompyuter darajasidagi foydalanuvchilarga tovarlar va xizmatlar bilan savdo qilish imkonini beradigan qulay interfeysi;

- Mahsulot yoki xizmat uchun tezkor qidiruv;

- Real vaqtda barcha operatsiyalarni amalga oshirish imkonining borligi, bu javob olish tezligini oshiradi;

- Ushbu platforma boshqa ishtirokchilar bilan onlayn suhbat qilish imkonini beradi, bu esa mavzuga oid masalalarni muhokama qilish imkonini beradi;

- O'zbekiston to'qimachilik bozoriga bevosita kirish;

- To'qimachilik kompaniyasining profiliga kirishning soddaligi va samaradorligi;

- Barcha etkazib beruvchilar ko'rishi mumkin bo'lgan eksport buyurtmalarini joylashtirish.

         Bundan tashqari, onlayn-platforma foydalanuvchisi bir vaqtning o'zida bir necha etkazib beruvchilarga bir urinish bilan savdo takliflarini yuborishi mumkin.

 

"O'zto'qimachiliksanoat" uyushmasining matbuot xizmati