“Yoshlar markazi”da Navoiy shahridagi dizaynerlar va hunarmandlar tomonidan yaratilgan milliy liboslar koʻrgazmasi tashkil etildi.
Navoiy viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taminlash komissiyasi tashabbusi bilan “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, “Yosh dizaynerlar” kengashi va Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida viloyatda aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kiyinish madaniyatini yana-da keng targʻib etishga qaratilgan 3 kunlik “Nafosat – 2021” festivali oʻtkazilmoqda.
Festival doirasida oʻtkazilgan matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi bosh maslahatchisi Nodira Shotursunova, senator Dilbar Orziyeva, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi yangi dizaynerlik ishlanmalarini joriy etish boʻlimi boshligʻi Kamola Gulyamova, viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Malika Mamadiyarovalar soʻnggi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning mavqeini yana-da oshirish, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtishdi.
Jumladan, respublika boʻyicha ayni paytda 6000 nafar faol va tashabbuskor xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi yaratilgan boʻlib, ularni oʻqitish va rahbarlikka tayyorlash jarayoni ketmoqda. Hududlarda, barcha tashkilot va korxonalarda “Ayollar maslahat Kengashlari” tashkil etilmoqda.
Matbuot anjumanida bugungi kunda milliylik va zamonaviylikni uygʻunlashtirgan holda moda yoʻnalishlarini yaratish, bunda vijdon va eʼtiqod erkinligiga qatʼiy amal qilgan holda oʻzbek milliy moda yoʻnalishini shakllantirish mazkur tanlovning asosiy maqsadi ekanligi aytib oʻtildi.
“Yoshlar markazi”da Navoiy shahridagi dizaynerlar va hunarmandlar tomonidan yaratilgan milliy liboslar koʻrgazmasi tashkil etildi.
Koʻrgazmaning taqdirlash marosimida Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Gadoyev soʻzga chiqib, festival ishtirokchilarini tabrikladi hamda ijtimoiy hayotda ayollarning oʻrni ortib borgani sari ularning kiyinishiga ham eʼtibor qaratilib, tashqi koʻrinishiga, ular oʻrtasida milliy va zamonaviy ruhdagi, mentalitetimizga mos ravishda kiyimlar andozasini muntazam ravishda targʻib qilish muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
Milliy liboslar koʻrgazmasida faol ishtirok etgan dizayner va hunarmandlar tashkilotchilarning “Tashakkurnoma”si va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
“Nafosat” festivali 12-13-fevral kunlari Nurota va Xatirchi tumanlarida davom etadi. Unda dizaynerlar, hunarmandlar va ishlab chiqarish korxonalari tomonidan yaratilgan milliy va zamonaviy liboslar koʻrgazmasi, yoshlar va xotin-qizlar ishtirokida “Yoshlar modasi, anʼanalar va zamonaviy yoʻnalishlar”, “Ayollar va yoshlar orasida kiyinish madaniyati” mavzularida seminar va davra suhbatlari, milliy qadriyatlarimizni targʻib qilib kelayotgan oilaviy tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
Abduvali BOʻRIYEV, OʻzA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT






