Buxoro viloyati — yurtimizning tarixiy hududlaridan biri hisoblanib, toʻqimachilik sanoati asrlar davomida rivojlanib kelgan katta maktabga tayanadi.
Hozirda Buxoro viloyatida jami 420 ta yengil sanoat korxonalari faoliyat yuritib, viloyatning iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissalarini qoʻshmoqdalar.
Korxonalarda 28 mingdan ziyod aholi doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlangan, shundan 8 mingdan ortigʻi toʻqimachilik sanoatini qishloq xoʻjaligi bilan integratsiyasi mahsuli boʻlgan paxta-toʻqimachilik klasterlarida faoliyat yuritishadi.
Jahonda kechayotgan koronavirus pandemiyasi natijasida joriy yilning mart oyining ikkinchi yarmidan boshlab toʻqimachilik mahsulotlariga boʻlgan talabning keskin qisqarishi, karantin talablarining joriy etilishi viloyatdagi korxonalar faoliyatiga oʻz taʼsirini koʻrsatdi.
Vaziyatni toʻgʻri baholay olgan Uyushmaning Buxoro filiali tezlik bilan viloyat rahbariyatiga ishchi xodimlarni tashish, sanitariya qoidalarini joriy etish boʻyicha mavjud muammolarni hal etish boʻyicha oʻz takliflari bilan chiqib, korxonalar faoliyatini toʻxtashiga yoʻl quymadi.
Uyushma filiali viloyat hokimligi va prokuraturasi bilan birgalikda Ishchi guruh tashkil etilib:
-karantin qoidalariga rioya qilgan holda ishlab chiqarish faoliyatini davom ettirish boʻyicha koʻrsatmalar (broshyura shaklida);
-korxonani karantin paytidagi faoliyati boʻyicha eslatmalar (ishchilarni sanitariya normalariga rioya etgan holda tashish, niqoblar va antiseptik moddalar bilan taʼminlash, vaxta usulida ish tashkil etish);
-karantin paytida ishlab chiqarish faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni (sanitariya qoidalari buzilishi) monitoring qilish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida viloyatdagi toʻqimachilik korxonalari joriy etilgan karantin holatidan faoliyati toʻxtamasdan (karantin joriy etilgan kundan tashqari) chiqib keta oldi.
Shuningdek, aprel oyining 27-29 kunlarida Buxoro viloyatida boʻlgan noqulay ob-havo tufayli Olot, Qorakoʻl va Jondor tumanlarida joylashgan toʻqimachilik korxonalari va klasterlar jiddiy zarar koʻrdi.
Har tomonlama tayyorgarlik koʻrgan va yetarli darajada malakaga ega filial tomonidan ushbu talofat natijasidagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha zudlik bilan choralar koʻrildi.
Filial Respublika ishchi guruhi tarkibida korxonalar koʻrgan zararlarni aniqlagan holda maʼlumotlar jamlash, ular asosida tegishli banklar, vazirlik, tashkilot va idoralar bilan birgalikda muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda ishtirok etdi hamda korxonalar faoliyati tiklana boshladi.
Xususan, Buxoro shahridagi “Le Uat de Buxara” MCHJ QK va “Qorakul kumush kalava” MCHJ da 27-aprel kuni shamol tufayli texnologik uskunalar elektron qismlari va dvigatellari kuyishi sodir boʻlgan. Filial tomonidan ishchi guruhga maʼlumot kiritilib muammoni zudlik bilan hal etilishiga erishilgan va korxonalar faoliyati tiklangan.
Olot tumanidagi “Zarxal teks” MCHJ, Jondor tumanidagi “Global mega tekstil” MCHJ tabiiy ofat tufayli bino inshootlari zarar koʻrgan va elektr energiyasi taʼminotidan uzilgan, bugungi kunda korxonalarni elektr energiyasi bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
“Merganteks” MCHJning Olot va Qorakoʻl tumanlaridagi paxta maydonlari 80%, paxta tozalash zavodi bino inshootlari shamol va yomgʻirdan zarar koʻrganligi aniqlanib, faoliyatni tiklash boʻyicha zarur choralar koʻrildi va hozirgi kunda mahsulot ishlab chiqarish va eksport yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi va tabiiy ofatlar paytida korxonalar faoliyatini uzluksizligini taʼminlagan uyushma filiali, yangi toʻqimachilik loyihalarini amalga oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, investitsiyalarni jalb etish borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.
Filial tomonidan Respublika Ishchi guruhi tarkibida tabiiy ofatdan zarar koʻrgan Olot, Qorakoʻl va Jondor tumanlarida 5 ta toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalar shakllantirib, ularni ishga tushirish tarmoq jadvallari ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, “Nigora” MCHJ tomonidan yillik 500 ming dona koʻylak, 500 ming dona shim ishlab chiqarish quvvatiga ega loyihasi, “Parvoz Xumo ravnaq trans” MCHJ ning 2 bosqich (trikotaj mato, boʻyoq va gul bosish) loyihasi, “Vobkent tola klaster“ MCHJ korxonasining yillik 8 ming tonna ip kalava ishlab chiqarish loyihasi, “Ekvotarial uniforma” MCHJ korxonasining 1400 ish oʻrinli loyihalarini qurilish ishlarini va texnologik uskunalar xaridi boʻyicha moliyalashtirishga oid takliflar ishlab chiqilgan hamda tegishli banklar, vazirlik, tashkilot va idoralarga hujjatlar tayyorlangan.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining Buxoro filiali vakillari tomonidan olib borilgan ishlar, koʻrilgan chora-tadbirlar favqulodda vaziyatlarda oʻziga xos qoʻllanma shaklida foydalanish mumkinligini koʻrsatmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



