“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-maydagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5989-sonli Farmoni 4-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida, liboslar dizayni va kolleksiyalarini ishlab chiqish xamda ularni tarmoq korxonalariga joriy qilish boʻyicha tasdiqlangan Ishchi guruh ishtirokida 28-may kuni video konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada “Osiyo Ramzi” Oʻzbekiston Respublikasi modelyerlar assotsiatsiyasi raisi, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti prorektori, ishchi guruh boshligʻi oʻrinbosari X. Kamilova, Koreya TEGU universitetining libos dizayni kafedrasi professori, texnika fanlari doktori Kim In Og, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti “Libos dizayni” kafedrasi mudiri,dotsent F.Ataxanova, “ISTIQLOL TEXTILE DIZAYN” MCHJ direktori (“IDEAL”) B.Umarov, “Bofanda” MCHJ direktori A.Axrarov, Buka boksing sportvear (“BUKA”) direktori O.Anvarov, dizayner E.Rizayeva, “NARIMTEKS” MCHJ (“MoltoCaldo”) vakili, “Sharq liboslari” Dizayn Markazi direktori Z.Yunusova va Yangi dizaynerlik ishlanmalarini joriy etish boʻlimi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Onlayn muloqot davomida yangi milliy dizayn strategiyalarining asosiy etaplarini shakllantirish uchun bajariladigan ishlar, liboslar kolleksiyalarini yaratish va ishlab chiqarishga boʻlgan talablar, muammolar, haqida suhbatlar olib borildi. Tikuv trikotaj korxonalarining yangi dizaynlarga, yangi kiyim modellarini ishlab chiqarish va eksport qilishga boʻlgan talablari, korxonalarga yangi raqobatbardosh liboslar dizayni va kolleksiyalarini ishlab chiqishga toʻsqinlik qiluvchi muammolar boʻyicha fikrlar bildirildi.
Korxona rahbarlari ichki va tashqi bozorlarda yuqori talabga ega boʻlgan tikuv trikotaj mahsulotlari haqida, korxonalarda kadrlarga boʻlgan ehtiyoj va talablar haqida, brendni rivojlantirish tajribasi haqida oʻzaro fikr almashdilar.
Shu bilan birga jahon modasining yangi tendensiyalari, dizayndagi yangi innovatsion yoʻnalishlar boʻyicha ham mutaxassislar fikr bildirishdi.
Konferensiya soʻngida ishlab chiqarish korxonalari, oliy oʻquv muassasalari, dizayn markazlari va soha mutaxassislari oʻrtasida yagona onlayn platforma tuzish va muntazam ravishda birgalikda onlayn videokonferensiyalarni tashkillashtirishga kelishildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



