Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish va yana-da rivojlantirishda sohada milliy kadrlar tayyorlash masalasi muhim ahamiyatga ega. Bu borada muayyan ishlar olib borilyapti, jumladan, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurtlari grantlarini jalb qilgan holda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunga Kor-Uz toʻqimachilik texnoparki yaqqol misol boʻla oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 6-sentyabrdagi PF-5812-son Farmoniga muvofiq Jarqoʻrgʻon toʻqimachilik kolleji, Qarshi tumani yengil sanoat kolleji, Xiva yengil sanoat kolleji va Olmazor yengil sanoat kollejlari “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tizimiga oʻtkazilgan. Bundan koʻzlangan maqsad korxonalar talablaridan kelib chiqib tor doiradagi kadrlarni korxonalarga tez fursatlarda tayyorlab berishdan iborat.
23-iyul kuni “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi kollejlar direktorlari ishtirokida videokonferensiya boʻlib oʻtdi.
Konferensiya davomida “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan Oliy taʼlim tizimi va professional taʼlim tizimini rivojlantirishda qoʻshayotgan hissasi va 2020/2021 oʻquv yilligi tayyorgarlik ishlari bajarilishi boʻyicha hisobotlar tinglandi.
Uyushma tarkibidagi kollejlar rahbarlari, shuningdek sohada mehnat qilayotgan mutaxassislar bilan birgalikda toʻqimachilik sanoati sohasidagi kasblar boʻyicha Tarmoq kvalifikatsion ramkasi va Professional standartlar hamda kasblar boʻyicha taʼlim standarti, malaka talabi, oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqilib tegishli vazirlik va idoralarga tasdiqlash uchun yuborildi.
Taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonining tashkil etilishi, 2020-2021 oʻquv yili uchun oʻquvchilarni jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlar hamda rahbarlarning ish vazifalariga boʻlgan masʼuliyati, amaliyot ustaxonalarini jihozlash va mavjudlaridan foydalanib ishlab chiqarishni tashkil etish, dars jarayoniga maxsus va umumkasbiy fanlar boʻyicha pedagoglar hamda ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining tayyorgarlik holati boʻyicha bir qator ishlarni amalga oshirish boʻyicha kelishib olindi.
2020-2021 oʻquv yilida kuz-qish mavsumiga koʻrilgan tayyorgarlik ishlari va bugungi kundagi holati boʻyicha tegishli “yoʻl xaritalar” ishlab chiqarish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



