“O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlariga xorijda talab jadal o‘sib bormoqda”, – dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov «Dunyo» AA uchun intervyusida.
– Bugungi kunda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati Yangi O‘zbekistonda yetakchi hamda jadal rivojlanayotgan tarmoqlardan biridir. So‘nggi yillarda sanoat ishlab chiqarishining yillik o‘sishi o‘rtacha 20 foizdan oshdi. Mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatini diversifikatsiya qilish, tayyor mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar samarasi o‘laroq, O‘zbekistonning bu jabhadagi salohiyati tobora yuksalmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2017 yilda qabul qilingan “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon to‘qimachilik sanoatining rivojlanish dinamikasiga yangi sur’at bag‘ishladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohada klaster tizimi to‘liq joriy etildi. So‘nggi uch yilda paxta-to‘qimachilik klasterlariga 23 trillion so‘mdan ortiq imtiyozli resurslar yo‘naltirildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida 350 ga yaqin yirik fabrikalar ishga tushirildi. Ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 5 barobar oshdi, eksport hajmi esa 4 barobarga ko‘payib, qariyb 3 milliard dollarga yetdi.
O‘zbek to‘qimachilik mahsulotlariga xorijda talab jadal o‘sib borayotir. Ushbu yo‘nalishda faoliyat yurtayotgan ishlab chiqaruvchilarning xalqaro sanoat ko‘rgazmalaridagi ishtiroki muntazamlik kasb etayotgani, buning natijasida 100 million AQSH dollaridan ortiq hajmdagi shartnomalar tuzilgani shundan dalolat beradi.
O‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining ommabopligi uning sifatini oshirish bilan birga raqobatbardosh narxiga ham bevosita bog‘liq. «Made in Uzbekistan» brendi haqida xabardorlikni oshirishda iqtisodiy diplomatiya ham muhim o‘rin tutmoqda. Bu jabhada amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida «Dunyo» AA muxbiri O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan vazirning birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov bilan suhbatlashdi.
– Furqat Ahmedovich, aytingchi, bugungi kunda O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoatidagi salohiyati qanday baholanmoqda?
– To‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish an’anaviy ravishda O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmog‘i hisoblanadi. Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada tarkibiy isloh qilish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayapti, buning natijasida ushbu yo‘nalishda eksport ijobiy tendensiyani ko‘rsatmoqda. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, eng avvalo, korxonalarni texnik jihatdan yangilash bo‘yicha strategik muhim loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, liberal ishlab chiqarishni joriy etish va klaster modeli orqali ishlab chiqarish o‘sishining yuqori va barqaror sur’atlarini ta’minlash, raqobatbardosh mahsulotlar eksporti, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.
Tashqi savdoni erkinlashtirish, O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksportini diversifikatsiya qilish bo‘yicha kompleks dasturning amaliyotga joriy qilinayotgani muhim qadam bo‘ldi. Natijada paxta eksportida xomashyoga yo‘naltirilganlikdan voz kechish borasida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishildi.
Men bir nechta raqamlarni keltirmoqchiman. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistondan to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi qariyb 2 milliard dollarga yetdi va bu umumiy eksport yetkazib berishning 17 foizini tashkil qildi. Bugungi kunda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining asosiy importchilari Xitoy, Shveysariya, Rossiya, Buyuk Britaniya va Turkiya hisoblanadi.
Bugun jahon bozorlarida o‘zgarib borayotgan raqobat sharoiti to‘qimachilik mahsulotlarining ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, investitsiyalarni ko‘paytirish, nou-xaularni o‘zlashtirish, texnologiyalarni transfer qilish, mahsulotlarni xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlash bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Bu borada O‘zbekistonda mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rildi. Bular sohani rivojlantirish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tizimiga o‘tish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, eksportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi tadbirlardir.
– O‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish imkoniyatlari haqida gapirib bersangiz? Bu borada qanday aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari tomonidan mazkur jabhaning eksport salohiyatini yanada oshirish yuzasidan yana qanday ishlar rejalashtirilgan?
– Bu jarayonda iqtisodiy diplomatiyaning muhim rolini qayd etish lozim. Shu maqsadda bugungi kunda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari tomonidan xorijiy mamlakatlar import ehtiyojlarini O‘zbekiston tovarlariga yo‘naltirish omillari, ya’ni o‘sish nuqtalarini topish maqsadida har bir davlat importi nomenklaturasini tahlil qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotir. Xorijiy mamlakatlarda o‘zbek ishlab chiqaruvchilari ishtirok etadigan muntazam ko‘rgazma-yarmarka tadbirlari belgilab olingan, eksport/import shartnomalarini tuzishda yordam ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, salohiyatli xorijiy kompaniyalari vakillari bilan mamlakatimizning eksport imkoniyatlari, sarmoyaviy va texnologik hamkorlik istiqbollari bilan yaqindan tanishtirish, O‘zbekistonda qo‘shma yoki yakka tartibdagi korxonalar tashkil etish masalalarini muhokama qilish maqsadida uchrashuv va muzokaralar muntazam o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, mamlakatimiz vakolatxonalari tomonidan xorijiy kompaniyalar delegatsiyalarining O‘zbekistonga amaliy safarlari, ularning turli iqtisodiy tadbirlar, tarmoq ko‘rgazma va yarmarkalarida, biznes va sarmoyaviy forumlarida ishtirok etishida faol harakat qilinmoqda.
«Elchixona-hokimlik-eksportchi», «Elchixona-sanoat», «Elchixona-vazirlik/idoralar» va «Elchixona-tadbirkorlar» formatlari tashkil etilgan va ular samarali faoliyat yuritmoqda.
Diplomatlarimizning xorijiy hamkorlar bilan uchrashuv va muzokaralari chog‘ida tadbirkorlar O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlarning samarali natijalarini e’tirof etish barobarida yurtimizni Markaziy Osiyodagi rivojlangan to‘qimachilik markazi sifatida baholamoqda.
Elchixonalar, tegishli vazirlik, idora va tarmoqlar tashabbusi bilan yoki ular ishtirokida xorijda o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari, masalan, ikat va adras matolarining turli qo‘shma ko‘rgazmalari, ixtisoslashtirilgan yarmarkalari («Fashion show») tashkil etmoqda.
Bugungi kunga qadar dunyoning yetakchi to‘qimachilik brendlari va moda uylari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilib, ular doirasida mamlakatimiz iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
– Aniq misollar keltira olasizmi?
– Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatiya vakolatxonalari Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari bilan kelishilgan holda to‘qimachilik mahsulotlari eksportini rag‘batlantirish uchun iqtisodiy diplomatiyaning yangi standartlaridan samarali foydalanmoqda. Misol o‘rnida, so‘nggi yillarda Pokiston va Polsha yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni qayd etish mumkin.
Ma’lumki, Pokiston 50 yildan ziyod davr davomida nafaqat Janubiy Osiyoda, balki butun dunyoda to‘qimachilik mahsulotlarining asosiy ishlab chiqaruvchisi bo‘lib kelmoqda. Pokistonda «Adidas», «Nike», «Kappa», «Gap», «Interloop», «Denim», «Jack & Jones», «Geox», «Ralph Lauren», «Zara», «Cambridge» va boshqa mashhur brendlar o‘z mahsulotlarini tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan. Umuman olganda, Pokiston eksportining taxminan 65 foizini sanoat mahsulotlari tashkil qiladi. Shuni hisobga olgan holda Pokistondagi diplomatlarimizning asosiy ishi ishlab chiqarish quvvati, xomashyo bazasi, afzalliklari va kamchiliklarini o‘rganishdan boshlandi. Ular to‘qimachilik markazlari – Faysalobod, Lahor, Karachi va boshqa shaharlarga borib, tegishli tahlillarni turli kompaniyalar faoliyati bilan tanishish orqali amalga oshirdi.
Natijada ushbu mamlakatning yetakchi to‘qimachilik korxona va uyushmalari egalari bilan zarur ma’lumotlar shakllantirilib, ishonchli aloqalar o‘rnatildi. Ulardan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan statistik va boshqa ma’lumotlar olindi va chuqur tahlil qilindi.
So‘ngra mahalliy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, sanoat korxonalari va viloyatlar hokimliklari bilan bevosita amaliy aloqalar o‘rnatildi, potensial import qiluvchilarning O‘zbekiston zavod va fabrikalariga aniq maqsadga yo‘naltirilgan safarlari tashkil etildi.
Natijada mamlakatimizdan pokistonlik tadbirkorlar ishtirokida paxta tolasi, zig‘ir va boshqa tovarlar eksporti yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekistondan Pokistonga to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berish hajmining o‘sish dinamikasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 5,5 million AQSH dollari, 2019 yilda 10,4 million dollar, 2020 yilda 15 million dollar, 2021 yilda esa 59 million dollarni tashkil etdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa davlatlariga eksport qilish bo‘yicha ham faol ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasining «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va yetakchi to‘qimachilik korxonalari bilan mahsulot eksporti hajmini oshirish borasidagi samarali hamkorligi alohida e’tiborga molikdir.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida Polsha O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini import qiluvchi asosiy davlat hisoblanadi. 2021 yilda O‘zbekistondan Polshaga ushbu mahsulotlar eksporti 67,5 million AQSH dollarini tashkil etdi, bu Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari eksportining 48 foizi demakdir. Ushbu raqamlar 2022 yil oxirigacha 75 million dollarga yetishi kutilmoqda.
Shu maqsadda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan birgalikda ilk bor Polshaning Lodz shahrida «HAJ TEX» (Buxoro viloyati) va «ZELAL TEKSTIL» (Toshkent) to‘qimachilik fabrikalarining savdo uylari tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston 2021 yilda Yevropa Ittifoqining «GSP+» imtiyozlar tizimiga qo‘shilgan. Endilikda 6,2 ming turdan ortiq mahsulotni Yevropa bozoriga bojsiz eksport qilish mumkin. Vaholanki, O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksportining atigi 6 foizi Yevropa hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi diplomatiya vakolatxonalari sanoat tarmoqlari ko‘magida «GSP+» tizimi imtiyozlaridan foydalanish maqsadlariga erishish uchun iqtisodiy diplomatiyani samarali amalga oshirish bo‘yicha hali keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishi zarur.
O‘zbekiston Prezidenti joriy yil 7 noyabr kuni sanoatni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlash zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda 2023 yilda qiymati 5 milliard dollardan ortiq sanoat mahsulotlarini eksport qilish dasturi qabul qilinadi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun oldimizda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalarining faol ishtirokida iqtisodiy diplomatiya sohasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishdek muhim vazifalar turibdi.
Shu nuqtai nazardan, biz maqsadli ravishda alohida olingan mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat, uning bozorining ochiqlik darajasi, to‘qimachilik mahsulotlari import/eksport tuzilmasi va boshqalar bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha tahliliy faoliyatni kuchaytirmoqdamiz. Bunday tahlil ushbu davlatga nisbatan maqsadli strategiyani yaratishga imkon beradi. To‘qimachilik sohasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini aniqlash, bozor kon’yunkturasini diqqat bilan kuzatib borish va o‘z vaqtida javob qaytarish maqsadida yetakchi xorijiy sanoat ekspertlari, tahlil markazlari va bozorning yirik ishtirokchilari bilan muntazam maslahatlashuvlar uyushtiriladi. Shuningdek, bozorda ishtirok etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ya’ni to‘qimachilik mahsulotlari ko‘rgazmalarini, davra suhbatlari, biznes-forumlar, iqtisodiy taqdimotlar, tashriflar, muzokaralar va boshqa tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha ishlarni faollashtirish zarur.
Umuman olganda, inson kapitalini rivojlantirish – ilm-fan, texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish orqali O‘zbekiston kompaniyalarini global va mintaqaviy qiymat zanjirlariga integratsiya qilish ustida ishlash uchun investitsiyalarni ko‘paytirish, tayyor mahsulotlarni uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha transport va logistika zanjirlarini diversifikatsiya qilish juda muhim, albatta.
– Furqat Axmedovich, mazmunli suhbat va batafsil javoblaringiz uchun rahmat. Davlatimiz rahbariyati tomonidan o‘zbek diplomatlari oldiga iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan dolzarb vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga tilakdoshmiz.
– Rahmat.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



