Oʻzbekistonning Boku shahridagi elchixonasi va Ozarbayjonning Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Made in Uzbekistan. Textile” onlayn biznes forumi oʻz ishini boshladi.
Forumning asosiy maqsadi – Oʻzbekiston va Ozarbayjon ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻqimachilik sohasida hamkorlikni kengaytirish, savdo va kooperatsion aloqalarni oʻrnatish uchun yangi imkoniyatlar yaratishdir.
Anjumanning onlayn tarzda oʻtgan ochilish marosimida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov ishtirok etib, Oʻzbekiston – Ozarbayjon munosabatlarining yuqori darajasini eʼtirof etib, ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik tobora rivojlanib borayotganini taʼkidladi. U mazkur biznes-forum ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Ozarbayjonning Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish agentligi boshqaruvi raisi oʻrinbosari Tamerlan Vagapov hamkorlik koʻlamini yana-da kengaytirish muhimligini taʼkidlab, ushbu biznes-forum toʻqimachilik sanoati ishlab chiqaruvchilari va xaridorlari oʻrtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishda muhim rol oʻynashi va oʻzaro savdo hajmini oshirishga hissa qoʻshishini taʼkidladi.
26-27-avgust kunlari Biznes-forum oʻz ishini Oʻzbekiston va Ozarbayjon toʻqimachilik sanoati vakillari oʻrtasidagi V2V intensiv uchrashuvlari shaklida davom ettiradi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



