Sirdaryo viloyatida suv toshqini oqibatida talofat koʻrgan tumanlarda yangi toʻqimachilik sanoati korxonalari ish boshlash arafasida. Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida yirik toʻqimachilik va tikuv-trikotaj loyihalarini foydalanishga topshirish orqali mazkur hudud aholisini yana-da qoʻllab-quvvatlash, ularni doimiy ish bilan bandligini taʼminlashga hamda hudud aholisining real daromadlarini oshirilishiga imkon beradi.
Xususan, Sardoba tumanida “Sardoba Oqsaroy Tekstil” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 5,0 mln.dollar boʻlgan, yiliga 1,4 mln. dona tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari va 900 tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatlari yaratilishi hisobiga 1-bosqichda 500 ta hamda 2-bosqichda yana 500 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Mirzaobod tumanida “Orchid beauty” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 6,4 mln.dollar boʻlgan, yiliga 0,9 ming tonna trikotaj mato, 2,4 ming tonna matoni boʻyash va gul bosish, 1,4 mln.dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilishi hisobiga 1-bosqichda 350 ta, 2-bosqichda 650 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi moʻljallangan.
Oqoltin tumanida «Oqoltin mega tekstil» MCHJ tomonidan loyiha qiymati 6,5 mln.dollar boʻlgan yiliga 2,6 mln. dona tayyor tikuv-trikotaj va djins mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratilishi hisobiga 800 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi taʼminlanadi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, pandemiya bilan bogʻliq vaziyatga qaramay tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan ushbu loyihalar qisqa muddatlarda, yaʼni 3 oy davomida qurib bitkazilishi taʼminlandi.
Bugungi kunda mazkur obyektlarda pardozlash-taʼmirlash ishlari, dastgohlarni keltirish va oʻrnatish ishlari yakuniga yetkazilmoqda hamda loyihalarni joriy yil sentyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu loyihalar toʻliq ishga tushirilishi natijasida mazkur hududlarda 2800 dan ortiq yangi doimiy ish oʻrinlari yaratiladi, shundan 70 foizini mahalliy yoshlar tashkil etadi.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning bir qismi ichki bozor talablarini qondirsa, 80% eksportga yoʻnaltiriladi. Mazkur hududda eksport salohiyati 15,0 mln. dollarga qoʻshimcha ravishda oshiriladi hamda mahalliy aholi doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT






