Har yili 7-oktyabr kunini Xalqaro paxta kuni sifatida keng nishonlash anʼanaga aylanib bormoqda. Shu kunda oʻtkaziladigan tadbirlar paxtachilikni, paxtani qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, sohada oʻtkaziladigan tadqiqotlar va ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash, sohada xalqaro hamkorlikni takomillashtirish va boshqa amaliy choralarni belgilashga qaratilgan.
2019-yilning 7-oktyabrida Jahon savdo tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) kotibiyatlari bilan hamkorlikda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot boʻyicha konferensiyasi (UNCTAD), xalqaro savdo markazi (ITC) va xalqaro paxta boʻyicha maslahat qoʻmitasi (ICAC) birinchi marta jahon paxta kunini eʼlon qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi joriy yilning 7-oktyabr kuni Xalqaro paxta kuniga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazdi. Vazirlik binosi hamda uning atrofida tashkil etilgan yarmarka va koʻrgazmalarda paxtadan olinadigan mahsulotlar namoyish qilindi, ilmiy-amaliy seminarlarda olimlar va mutaxassislar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar, shuningdek, innovatsion va amaliy loyihalarning taqdimotlari oʻtkazildi.
Tadbirni Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Azimjon Nazarov ochib berdi. “Bir tonna paxta bir yilda oʻrtacha 5 kishini ish oʻrni bilan taʼminlaydi, – dedi A. Nazarov. – Quruq iqlim sharoitlarida ham yetishadigan paxta dunyo ahlini kiyim-kechakka boʻlgan ehtiyojini 27 foizini qoplaydi. Undan yogʻ olinadi, chigitidan chorvachilik mollarini oziqlantirishdan foydalaniladi. Hozirda esa paxtadan innovatsion mahsulotlar yaratishda keng foydalanilmoqdaki, demak uning istiqboli porloq.”
Darhaqiqat, paxtachilik – Oʻzbekiston xalq xoʻjaligining muhim sohasi. Paxta xomashyosi, gʻoʻzaning barglari, poyalari, chanoqlari va chigitidan 100 dan ortiq mahsulotlar tayyorlanadi, yaʼni ushbu ekindan chiqitsiz toʻliq foydalaniladi. Jumladan, paxta insonni kiyintiradi, oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat uchun qimmatli xomashyolar olinadi, chorva ozuqasi tayyorlanadi, aholi ish joylari, valyuta tushumini taʼminlaydi hamda sanoatning boshqa koʻplab sohalari toʻqimachilik, oziq-ovqat, kimyo, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, moy-boʻyoq, qogʻoz ishlab chiqarish, tibbiyot, qurilish, mebel sanoati va boshqa sohalar rivoji ham paxtachilik bilan bevosita bogʻliqdir. Oʻzbekistonda paxtachilik tarixi uzoq oʻtmishga ega boʻlib, bu hududida istiqomat qilgan xalqlarning qadim zamonlardan beri paxtachilik bilan shugʻullanganligi tarixiy maʼlumotlarda qayd etilgan.
Uning tarixi eramizdan oldingi IV asrga borib taqaladi. Respublikamiz hududida paxtachilikning keng miqyosda sanoat asosida rivojlanishi XIX asrning 60-70 yillaridan boshlangan. Hozirgi kunda Oʻzbekiston gʻoʻza ekin maydoni boʻyicha (1,0-1,1 mln. gektar) dunyo mamlakatlari orasida oltinchi oʻrinni, paxta tolasini yetishtirish boʻyicha boʻyicha (0,8-0,9 mln. tonna) beshinchi-oltinchi oʻrinni egallab kelmoqda.
Oʻzbek paxtasining shuhrati jahonda tobora yuksalib borayotgan ekan, buning zamirida mamlakatimizda paxtachilik tarmogʻini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, olimlar, soha mutasaddilari va fermer dehqonlarimiz mehnatining samaralari mujassamdir.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



