19-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi uchun Xalqaro mehnat tashkilotining “Sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisida”gi 81-sonli (Jeneva, 1947-yil 11-iyul) va “Qishloq xoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisida”gi 129-sonli (Jeneva, 1969-yil 25-iyun) konvensiyalari kuchga kirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashqi ishlar vazirligiga koʻra, hozirda ushbu xalqaro shartnomalarda tegishlicha 148 va 54 ta davlat ishtirok etmoqda.
Konvensiyalar sanoat, savdo va qishloq xoʻjaligida xodimlarning mehnat sharoitlari va ushbu sohalardagi ish jarayonida mehnat muhofazasi bilan bogʻliq qonun hujjatlarining qoʻllanilishini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan mehnat inspeksiyasi tizimini yaratishga qaratilgan.
Hujjatlarda xodimlarning oʻz vazifalarini bajarishda ularni himoya qilish va mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari toʻliq ijro etilishini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan idora sifatida mehnat inspeksiyasini tashkil etish, uning moddiy-texnika vositalari, vakolatlari, vazifalari va funksiyalarini tartibga soluvchi asosiy qoidalar belgilangan.
Ushbu xalqaro shartnomalarga muvofiq, mehnat inspeksiyasi tizimining vazifalari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ish joylarida xodimlarning mehnat sharoitlari va mehnat muhofazasi sohasidagi, shu jumladan ish vaqti, ish haqi, mehnat xavfsizligi, sogʻliqni saqlash, ayollar va bolalar mehnatidan foydalanish hamda boshqa shu kabi masalalar boʻyicha qonun hujjatlariga amal qilinishini mehnat inspektorlari tomonidan taʼminlash;
ish beruvchilar va xodimlarga mehnat qonunchiligiga amal qilishning eng samarali vositalari toʻgʻrisida tegishli axborot va tavsiyalar berish;
vakolatli organga amaldagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan qoidabuzarliklar yoki suiisteʼmol qilish faktlari toʻgʻrisida xabar berish va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha taklif kiritish.
Xalqaro mehnat tashkilotining ushbu konvensiyalarida Oʻzbekiston Respublikasining ishtiroki mehnat inspeksiyasi sohasida xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish orqali milliy qonunchilikni yana-da takomillashtirish va mehnat inspeksiyasi xodimlarining malakasini oshirishga xizmat qiladi, shuningdek konvensiyalarda ishtirok etuvchi davlatlarning mehnat inspeksiyasi xizmatlari oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga imkon beradi.
Bundan tashqari, mazkur konvensiyalar mehnat sohasida qonun ustuvorligini taʼminlash, uning ijrosi ustidan nazoratni yana-da kuchaytirish, sanoat, savdo va qishloq xoʻjaligida majburiy mehnatga barham berish, shuningdek, mehnat va bandlik sohasida inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha ish sifatini yangi darajaga koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



