O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Tashqi savdo qatnashchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi 97-sonli qarori qabul qilindi.
Ushbu Farmonga ko‘ra:
- 2023-yil 1-aprelga qadar yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini Yevropa Ittifoqi davlatlari bo‘yicha — 70 foizgacha, qo‘shni davlatlar bo‘yicha — 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
- muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlarida akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, invoys asosida eksport qilishda oldindan to‘lov miqdori 100 foizdan 50 foizga kamaytirilmoqda.
Farmon bilan Hukumat komissiyasiga mahalliy eksportchi korxonalarning murojaatlariga asosan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatini yana olti oygacha uzaytirish vakolati berilmoqda.
Shu bilan birga, “Bojxona ombori” rejimida olti oydan ko‘p bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashni taqiqlovchi tartib bekor qilinmoqda.
Yoshlar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, innovatsion texnologiyalarga asoslangan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida Hukumat komissiyasining qaroriga asosan Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ularga 500 ming AQSH dollarigacha kreditlar ajratishga ruxsat berildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT