To‘qimachilik sohasi korxonalariga soliq, bojxona va moliyalashtirish yo‘nalishlaridagi imtiyozlar
SOLIQ IMTIYOZLARI.
O‘zbekiston Respublikasining «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga asosan:
— mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan va loyihalarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan keltiriladigan qurilish materiallari bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi, bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno;
— maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqarish va mahsulotlarni eksportga realizatsiya qilish uchun foydalaniladigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi, bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno;
— tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan texnologik uskunalar olib kirilganda bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi, bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno.
Ushbu imtiyozlar kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab 3 yildan 10 yil muddatgacha, jumladan:
— 300 ming AQSH dollaridan 3 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar uchun — 3 yil muddatga;
— 3 million AQSH dollaridan 5 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar uchun — 5 yil muddatga;
— 5 million AQSH dollaridan 10 million AQSH dollarigacha hajmdagi investitsiyalar uchun — 7 yil muddatga;
— 10 million va undan ko‘p AQSH dollari hajmidagi investitsiyalar uchun — 10 yil muddatga beriladi.
IMPORT
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan, o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2021-yil 4-iyundagi 352-sonli qaroriga asosan ishlab chiqarish va sohaga investitsiyalarni ko‘paytirish maqsadida o‘xshashlari O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, bojxona boji va QQSdan ozod qilinadigan asbob-uskunalar ro‘yxati tasdiqlangan.
SUBSIDIYA (2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvargacha):
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-sentabrdagi “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarida chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni hamda ularning eksportini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 556-sonli qaroriga muvofiq, 2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvargacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirgan tashkilotlarga mazkur loyihalar doirasida xarid qilingan uskunalar qiymatining 10 foizi, biroq 500 ming AQSH dollari ekvivalentidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda Jamg‘arma hisobidan subsidiya ajratish belgilangan.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT