O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining **2026-yil 29-iyundagi PQ–246-son “Paxta-to‘qimachilik sohasida moliyaviy barqarorlikni oshirish hamda tolani chuqur qayta ishlashni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”**gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq:
2025-yilda o‘ziga biriktirilgan yer maydonlarida paxta yetishtirgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va ular ta’sischi bo‘lgan korxonalarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan taqdim etilgan konturlarda paxta xomashyosi yetishtirilgani Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan tasdiqlangan hollarda har bir gektar yer uchun 3 million so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Korxonalarning 2026-yil 1-iyunga qadar amalga oshirilgan bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-yanvardagi PF–53-son Farmonida belgilangan miqdorlarda bo‘yash uskunalarini xarid qilishni subsidiyalash uchun nazarda tutilgan mablag‘larning qoldiq qismi hisobidan subsidiya ajratiladi.
2027-yil 1-iyulga qadar tadbirkorlarning barqarorlik reytingi bo‘yicha “A” va undan yuqori toifaga kiritilgan klasterlar hamda to‘qimachilik korxonalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasi tekshiruvlarsiz 20 kun muddatda qaytariladi.
Mazkur qaror ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, eksportbop mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, korxonalarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash hamda ichki va tashqi bozorlarda ularning raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Batafsil ma’lumot olish uchun havola.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



