Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan “Asror Tekstil Sanoat” korxonasi bugun yuzlab ish o‘rinlari yaratgan va dunyoning nufuzli brendlariga mahsulot yetkazib berayotgan zamonaviy tikuvchilik korxonalaridan biriga aylandi.
Korxona o‘z faoliyatini 1986-yilda oddiy oilaviy chevarchilik asosida, ustoz-shogird an’analariga tayangan holda boshlagan. 2008-yilga kelib korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi.
Yangi O‘zbekistonda tadbirkorlarga yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, korxona faoliyati izchil kengaytirildi. Ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va eksport yo‘nalishlarini rivojlantirish natijasida korxonaga millionlab dollar investitsiyalar jalb qilinib, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Bugungi kunda korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Polsha va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. Xususan, korxona xalqaro bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Carl Gross va Evenemen kabi mashhur brendlar uchun mahsulot ishlab chiqarmoqda.
Korxona jamoasi yangi marralarni ko‘zlagan holda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishda davom etmoqda. Yaqinda 100 ta yangi ish o‘rniga ega bo‘lgan yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Mazkur korxona yiliga 150 ming dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Natijada korxonaning eksport salohiyati ham izchil oshib bormoqda. Agar 2025-yilda eksport hajmi 5 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 7 million AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, korxona tomonidan yana bir yirik ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Yangi quvvatlar ishga tushirilgach, qo‘shimcha 200 ta ish o‘rni yaratiladi va ishlab chiqarilgan erkaklar ustki kiyimlari Yevropa hamda Amerika bozorlariga eksport qilinadi.
Bugungi kunda “Asror Tekstil Sanoat” o‘zining D.Maretti va Hekimugli milliy brendlari orqali xalqaro bozorlarda O‘zbekiston mahsulotlari nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
“Asror Tekstil Sanoat” tajribasi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati natijasida mahalliy biznes vakillari xalqaro bozorlarda muvaffaqiyat qozonayotganining yorqin namunasidir.


O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



