2020-yilning 3-iyul kuni “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan videokonferensiya doirasida “Crown Agents” xalqaro kompaniyasi bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.
“Crown Agents” 1833-yilda Buyuk Britaniyada davlat korporatsiyasi sifatida tashkil etilgan xalqaro kompaniya. Uning 140 dan ortiq mamlakatlarda vakolatxonalari mavjud. Kompaniyaning asosiy maqsadi dunyo miqyosida turli davlatlarga kambagʻallikni qisqartirish, turmush darajasini va farovonligini oshirish boʻyicha maslahatlar berish, taʼminot zanjirlari, moliyaviy xizmatlar orqali koʻmak berishdir.
“Crown Agents” Jahon banki, Yevropa Komissiyasi, BMT agentliklari kabi 100 dan ortiq mamlakatlarda xalqaro tashkilotlar bilan, shuningdek, donor tashkilotlar (DFID, KfW, SIDA, CIDA) va Buyuk Britaniya, Daniya, Yaponiya va AQSH hukumatlari bilan hamkorlik qiladi. Bugungi kunda, “Crown Agents” kompaniyasi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda qiyinchiliklarga duch kelayotgan mamlakatlarga 50 dan ortiq turdagi mahsulotlarni yetkazib berishda yordam koʻrsatmoqda.
Muzokaralarda kompaniyaning direktori Bryon Richmond, Ukrainadagi agentliklar vakolatxonasi rahbari Tatyana Korotchenko va MDH davlatlari departamenti rahbari Larisa Kokareva ishtirok etdilar.
Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan shaxsiy himoya vositalarini dunyo boʻylab “Crown Agents” taʼminot zanjiriga kiritish masalasi asosiy muhokama mavzusi boʻldi. MDH davlatlarida ishlash boʻyicha katta tajribaga ega boʻlgan kompaniya mutaxassislari mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashqi bozorlarga chiqish uchun yordam koʻrsatishi mumkin. Bunda kompaniya mahsulotni “Chakana sotuvchisi” sifatida sotadi.
“Crown Agents” platformasida “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tarmoq korxonalari manfaatlarini ifoda etib shaxsiy himoya vositalarini potensial yetkazib beruvchisi sifatida ishtirok etishi, shuningdek eksportni tashkil etish boʻyicha tenderlarda ishtirok etishi mumkin.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



