Isroillik zargarlar oq va qora javohirlar bilan bezatilgan oq oltindan dunyodagi eng qimmat tibbiy niqobni yaratish ustida ishlashmoqda. U taxminan 1,5 million dollarga baholanmoqda, deya xabar berdi “Haaretz” nashri.
“18 qirotli oq oltindan yasalgan niqob 3600 ta oq va qora javohirlar bilan bezatiladi hamda buyurtmachining xohishiga qarab oliy sifatli N99 filtri bilan jihozlanadi”, — dedi zargarlik firmasi xoʻjayini va dizayner Isaak Levi.
Isroillik zargarlarga bunday niqobni yaratishga AQSHda istiqomat qiluvchi xitoylik tadbirkor buyurtma bergan. Buyurtmachi ishlab chiqaruvchilarga ikkita shart qoʻygan: niqob yilning oxirigacha tayyor boʻlishi va dunyodagi eng qimmat niqob boʻlishi zarur. Isaak Levi ikkinchi shartini bajarish osonroq boʻlganini tan oldi.
Isaak Levi qimmatbaho toshlar bilan qoplangan niqobning tayyor qismlarini jurnalistlarga namoyish qildi. Plastinalardan birida filtr uchun teshik qoldirilgan. Javohirlar bilan bezatilgan oltin niqobni taqish noqulaylik tugʻdirishi tabiiy. Biroq uning egasiga hammaning eʼtiborini jalb etishi shubhasiz. Zargarning baholashiga koʻra, mahsulot taxminan 270 gramm ogʻirlikda boʻladi — bu oddiy tibbiy niqoblarga qaraganda qariyb 100 baravar ogʻir degani.
Bunday niqob iqtisodiy inqiroz davrida daromadidan ayrilgan yuz millionlab odamlarning jigʻiga tegishi tabiiy, deya tan oldi Isaak Levi. Biroq mazkur buyurtma kompaniyaga mashaqqatli davrni yengib oʻtishiga yordam berdi.
“Ushbu niqob bizga yetarlicha ish berganidan, xodimlarimiz qiyin davrni boshdan kechirayotgan boʻlishlariga qaramay, ish joyini saqlab qolganidan mamnunman”, — deya xursandchiligini bildirdi zargar.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



