Qishloq xoʻjaligi sohasida klaster usulining joriy etilgani bugun katta samara berishni boshladi. Muhimi, xom ashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulot tayyorlash va uni eksport qilishdan katta daromad olinishiga erishilyapti. Xususan, Fargʻona viloyatida 12 ta paxtachilik-toʻqimachilik klasterlari faoliyat koʻrsatmoqda.
“Bahodir Logʻon” paxta-toʻqimachilik klasteri jadal rivojlanayotgan boʻlib, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarin bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda. Logʻon qishlogʻida joylashgan klasterga qarashli toʻqimachilik korxonasida Yaponiya, Turkiya, Germaniya va Shveysariyaning zamonaviy uskunalari oʻrnatilgan.Yiliga 10 ming tonna mahsulot tayyorlash quvvatiga ega boʻlib, ip-kalava ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Ayni kunlarda bu yerda olti yuz nafarga yaqig qishloq aholisi ish bilan taʼminlangan, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 4-5-fevral kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur korxona faoliyati bilan tanishdi. Xomashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirib, tayyor mahsulotlar turini koʻpaytirish, eng muhimi, bozor topish zarurligini taʼkidladi.

Tashrifdan soʻng oʻtgan qisqa davr mobaynida bu yerda mato toʻqish, matoni boʻyash va pardozlash hamda tikuv-trikotaj liniyalari uchun yangi binolar qurish ishlari boshlanib, hozirda yakuniy bosqichga yetib keldi. Bugungi kunda qurilayotgan yangi yopiq binolarning umumiy maydoni 20 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu uch yoʻnalishda ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilishi natijasida 6 ming 140 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov klaster korxonasida boʻlib, paxta ekishdan to tayyor kiyimlar ishlab chiqarishgacha boʻlgan yagona texnologik zanjir shakllantirish borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishdi.
Qurilish ishlarini jadallashtirish, Prezidentimizning tashrif chogʻida bergan topshiriqlaridan kelib chiqqan holda yangi liniyalarni joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish hamda mahalliy aholi, ayniqsa, yoshlar va ayollar uchun yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlash boʻyicha oʻz koʻrsatmalarini berildi.
Quva va Yozyovon tumanlari hududini qamragan “Bahodir Logʻon” paxta-toʻqimachilik klasteri dalalarida yillik 35 ming 500 tonna paxta yetishtiriladi. Korxonada hozirda amalga oshirayotgan loyihalar oʻz muddatida ishga tushirilsa, terilgan paxtani toʻla qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ichki-tashqi bozorga yoʻnaltirish imkoniyati yaratiladi.
Manba: M. Sulaymonov, OʻzA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



