Mazkur tavsiyada kengligi 60 sm, 76 sm, 90 sm va qoʻshqatorlab ekilgan gʻoʻza qator oralariga ishlov berish, birinchi kultivatsiyani oʻtkazish, yogʻingarchiliklardan keyin paydo boʻlgan qatqaloqni yumshatish, gʻoʻza qator oralarida begona oʻtlarni yoʻqotish, dala sathini qatlamlab yumshatish, maxsus chuquryumshatkichlarni ishlatish, sugʻorish egatlarini ochish va mineral oʻgʻit solish, kultivator hamda oʻgʻit solish meʼyorlarini sozlash, kultivatorlarni ishlatish tartibi va ularning ish sifatini baholashga doir maʼlumotlar berilgan boʻlib, fermerlar, mexanizatorlar, muhandis-texnik va agroklaterlar xodimlar uchun amaliy qoʻllanma sifatida tavsiya etiladi.
Birinchi kultivatsiyani oʻtkazish
Fermer va mexanizatorlar gʻoʻza qator oralarini birinchi kultivatsiyalashga puxta tayyorgarlik koʻrishlari va bu tadbirni oʻta ziyraklik bilan amalga oshirishlari kerak. Chunki bu paytda gʻoʻza nihollari va ularning ildizlari nihoyatda nozik va moʻrt boʻladi. Eʼtiborsizlik bilan berilgan birinchi ishlov bir qism nihollarni nobud boʻlishiga olib keladi. Bunday holatlarni oldini olish va tadbirni sifatli oʻtkazish tubandagi talablarni toʻla-toʻkis bajarilishiga bogʻliqdir:
- kultivator agregatini yuqori malakali mexanizator boshqarishi shart;
- dalalarda gʻoʻza nihollari unib chiqib, qatorlar yaqqol koʻzga tashlanishi bilan birinchi kultivatsiyani boshlash (aks holda agregatni toʻgʻri, barqaror yurgizib boʻlmaydi);
- ishchi organlarni tuproqqa birmuncha yuza botadigan qilib oʻrnatish (aks holda nozik gʻoʻza ildizlari oʻrnidan qoʻzgʻaladi va nihollar nobud boʻladi);
- birinchi kultivatsiyada traktor tezligini 3-5 km/soat dan oshirmaslik.
Keyingi kultivatsiyalash ishlari paxta maydonlarini har galgi sugʻorishdan soʻng tuproq tobiga kelgan paytda oʻtkaziladi. Shundagina mayda va donador tuproq hosil boʻladi.
Hozirda Respublikamiz hududlarining tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, gʻoʻza qatorlar orasining kengligi 90, 76 va 60 sm lik sxemalarda ekilmoqda.
Tabiiyki har bir sxema uchun shu kengliklarga mos ishchi organlar turi va soni toʻgʻri tanlanishi lozim.
Qatqaloqni yumshatish
Respublikamizda shu kunlarda yogʻib oʻtgan kuchli yomgʻirlar chigit ekilgan dalalarda qatqaloq paydo boʻlishiga olib keldi.
Maʼlumki chigit ekilgan dadalarda qatqaloq paydo boʻlishi unib chiqqan nihollarning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, hali unmagan chigitlarning toʻla unib chiqishiga imkon bermaydi va natijada koʻchatlar siyrak boʻlib qoladi. Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun kuchli yogʻingarchilikdan keyin hosil boʻlgan qatqaloq tuproqning yuza qismi yetilib-yetilmay tezlik bilan 1-2 kun ichida bartaraf etilishi lozim.
Shuni yodda tutish lozimki, kuchli yogʻingarchilikdan keyin hosil boʻlgan qatqaloq oʻz vaqtida tezlik bilan bartaraf etilsa, unib chiqqan nihollarning seravj rivojlanishiga, unayotgan chigitlardan esa toʻla-toʻkis koʻchat olinishiga erishiladi.
Barcha maydonlarda qatqaloq 1- va 2-rasmlarda tasvirlangan MVN-2,8 va MVX-5,4 rusumli rotatsion motigalardan foydalanib yumshatilishiga erishish lozim. Chunki bunda qatqaloqni yuqori tezlik va unum bilan hamda nihollar va urugʻlarga kam zarar yetkazgan holda sifatli yumshatilishiga erishiladi.
Ish jarayonida koʻrsatilgan motigalardan tuzilgan agregatlar ekilgan qatorlar boʻylab harakatlanishi lozim.
Nihollar toʻliq unib chiqqan dalalarda qatqaloqni yumshatish uchun rotatsion yulduzchalar bilan jihozlangan paxtachilik kultivatorlaridan foydalanish mumkin. Bunda kultivator har bir gryadilining oʻng va chap tomonidan bir juftdan rotatsion yulduzchalar oʻrnatiladi va ular qator oralariga 3-rasmda koʻrsatilgandek, yaʼni gʻoʻza qatorlaridan 3 sm qochirib va 4-5 sm chuqurlikda yuradigan etib joylashtirilishi lozim. Bu yerda ham agregat gʻoʻza qatorlari boʻylab harakatlanadi.
3-rasm. Nihollar toʻliq unib chiqqan dalalarda qatqaloqni yumshatish uchun rotatsion yulduzchalarni joylashtirish sxemasi
Shuni ham taʼkidlash lozimki, kuchli yomgʻirlar tufayli hosil boʻladigan oqava suvlarning paykallarda yigʻilib qolishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Buning uchun ekish bilan birga qatorlar oʻrtasida egatlar ochilgan boʻlishi hamda paykallar chetlarida oqava suvlar chiqib ketishi uchun ariqlar olingan boʻlishi lozim.
Gʻoʻza qator oralarida begona oʻtlarni yoʻqotib tuproqni yumshatish
60 sm, 90 sm va qoʻsh qator sxemalarda paxta yetishtirishda asosan MTZ-80X, TTZ-100.11 traktorlari va KRT-4 hamda KXU-4 rusumli kultivatorlardan tashkil topgan chopiq agregatlari bilan bajariladi.
- Dala sathini qatlamlab yumshatish.Har bir dala sharoitiga qarab yaʼni tuproq oʻta zichlashib ketgan va begona oʻtlar uncha rivojlanmagan dalalarda mayin toproq olish uchun KKO turkumidagi ishchi organlar bilan qatlamlab ishlov berish maqsadga muvofiqdir. Qator oralari 90 sm boʻlgan paykallarda har bir qatorga ikki dona rotatsion yulduzcha (1), yetti dona yumshatkich panja (2) va bir dona oʻqyoysimon panja (3) joylashtirish kerak (4-rasm). Bu holda rotatsion yulduzcha nihollardan 3-5 sm uzoqlikda 4-6 sm
1-rotatsion yulduzcha; 2-yumshatkich panja; 3-oʻqyoysimon panja.
4-rasm. Qator oralarini qatlamlab yumshatish uchun ish organlarni joylashtirish sxemasi
chuqurlikda, birinchi juft yumshatkich panjalar nihollardan 12-15 sm uzoqlikda 5-7 sm chuqurlikda, ikkinchi juft yumshatkich panjalar nihollardan 25 sm uzoqlikda 6-8 sm chuqurlikda, uchinchi juft yumshatkich panjalar nihollardan 35 sm uzoqlikda 8-10 sm chuqurlikda, markaziy yumshatkich va oʻqyoysimon panja esa 14-16 sm chuqurlikda yuradigan qilib joylashtirilishi zarur. Hammasi boʻlib kultivatorga kengligi 60 sm boʻlgan qator oralarini yumshatish uchun 8 juft rotatsion yulduzcha, 21 dona yumshatkich va 5 dona oʻqyoysimon panja, qator oralari 90 sm boʻlganda 8 juft rotatsion yulduzcha, 29 dona yumshatkich va 5 dona oʻqyoysimon panja oʻrnatiladi.
Shuni aytish joizki, kultivator ancha murakkab agregat hisoblanadi va oʻziga alohida malakali eʼtiborni talab qiladi. Kultivator ishchi aʼzolarini toʻgʻri sozlash uchun maxsus chiziqlar tortilgan tekis gorizontal maydonchadan foydalanilsa, sozlash ishlari osonlashadi va aniqligi ortadi. Buning uchun kultivator seksiyalarining tayanch gʻildiraklari ostiga maksimal ishlov berish chuqurlikdan 1-2 sm kam (yaʼni gʻildirakning tuproqqa botishini eʼtiborga olingan) qalinlikdagi yogʻoch taxtachalar qoʻyiladi.
- Qator oralaridagi begona oʻtlarni yoʻqotish.Qator oralarida oʻnib chiqqan begona oʻtlarni yoʻqotish maqsadida kultivatorga quyidagi ish organlarni oʻrnatiladi (5-rasm): disksimon (1) yumshatkich – 8 dona (4-tasi chap kesuvchi, 4-tasi oʻng kesuvchi), nihollardan 5-7 sm uzoqlikda va 6-8 sm chuqurlikda; pichoq (2) lar-8 dona (4-tasi chap kesuvchi, 4-tasi oʻng kesuvchi), nihollardan 9-10 sm uzoqlikda va 6-8 sm chuqurlikda; oʻqyoysimon (3) panjalar – 5 dona, egatning oʻrtasiga 12-14 sm chuqurlikda.
III. Qoʻshqatorlab ekilgan gʻoʻza qator oralariga ishlov berish.
III.1 – oraliqni qatlamlab yumshatish. Qoʻsh qatorlab 60×30 sxemada ekilgan paykallarda tuproqni qatlamlab yumshatish uchun 60 sm kenglikdagi qator oraligʻiga ikki dona rotatsion yulduzcha (1), besh dona yumshatkich panja (2) va bir dona oʻqyoysimon panja (3), 30 sm kenglikdagi qator oraligʻiga esa bir juft rotatsion yulduzcha joylashtirish maqsadga muvofiq (6-rasm). Bu holda rotatsion yulduzcha nihollardan 3 sm uzoqlikda 4-6 sm chuqurlikda, birinchi juft yumshatkich panjalar nihollardan 15 sm uzoqlikda 4-6 sm chuqurlikda, ikkinchi juft yumshatkich panjalar nihollardan 25 sm uzoqlikda 6-8 sm chuqurlikda, markaziy yumshatkich va oʻqyoysimon panja esa qatorning qoq oʻrtasiga 12-14 sm chuqurlikda yuradigan qilib joylashtiriladi.
1-sferik disk; 2-pichoq; 3-oʻqyoysimon panja.
5-rasm. Qator oralaridagi begona oʻtlarni yoʻqotish uchun ish organlarni joylashtirish sxemasi
1-rotatsion yulduzcha; yumshatkich panja; 3-oʻqyoysimon panja.
6-rasm. Qoʻsh qatorli maydonlarga qatlamlab ishlov berish uchun ish organlarni joylashtirish sxemasi
III.2 – begona oʻtlarni yoʻqotish.
Qoʻsh qatorlab 60×30 sxemada ekilgan paykallardagi begona oʻtlarni yoʻqotish uchun kultivatorning 60 sm kenglikdagi qator oraligʻiga quyidagi ish organlarini oʻrnatish lozim (7-rasm): sferik disk (2) – 2 dona (1-tasi chap kesuvchi, 1-tasi oʻng kesuvchi), nihollardan 5-7 sm uzoqlikda va 6-8 sm chuqurlikda; pichoq(3)lar – 2 dona (1-tasi chap kesuvchi, 1-tasi oʻng kesuvchi), nihollardan 9-10 sm uzoqlikda va 6-8 sm chuqurlikda; oʻqyoysimon (4) panja bir dona, egatning oʻrtasiga 12-14 sm chuqurlikda, 30 sm kenglikdagi qator oraligʻiga esa ikki dona rotatsion yulduzcha (1) nihollardan 3 sm uzoqlikda 4-6 sm chuqurlikda.
1-rotatsion yulduzcha; 2-sferik disk; 3-pichoq; 4-oʻqyoysimon panja.
7-rasm. Qoʻsh qatorlab ekilgan maydonlarda begona oʻtlarni yoʻqotish uchun ish organlarni joylashtirish sxemasi
Kengligi 76 sm boʻlgan gʻoʻza qator oralariga ishlov berish.
Paxtachilik – toʻqimachilik klasterlarining kengligi 76 sm boʻlgan paxta dalalarida olti qatorli YCMF 7rusumli kultivatorlar ishlatilmoqda.
Mazkur kultivator Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan. Turkiyada paxta hosili asosan “Jon-Dir” firmasining mashinalari yordamida terib olinadi. Bu mashinada yonma-yon joylashgan terim apparatlari boʻylama oʻqlari orasidagi koʻndalang masofa 76-110 sm oraligʻida rostlanadi. Koʻrinib turibdiki, mashinabop paxta yetishtirish maqsadida kultivator qator orasining kengligi (76 sm) paxta terish apparati qator orasi kengligining eng minimal qiymatiga tenglab olingan.
Mazkur kultivator koʻpchilik agroklasterlarda, shu jumladan Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Oqqoʻrgʻon ABS” agroklasterida “Keys Nyu Xolland” kompaniyasining TD 5.110 markali traktoriga osib ishlatilmoqda. Bu traktorning koleyasi (gʻildiraklar orasidagi koʻndalang masofa) 152 sm (76×2), yaʼni toʻrtta gʻildirakning hammasi qator oralarining oʻrtasida harakatlanadi; dvigatelining quvvati 81 kVt (110 o.k.); shinalar markasi: orqa oʻqda 14,9×24, oldingi oʻqda 18,4×34; agrotirqish kengligi 500 mm (qator oralariga yaxshi joylashadi).
YCMF 7 rusumli kultivator uch nuqtali osish mexanizmiga ega boʻlib, koʻndalang rama(140×100 mm)si toʻrtburchak profildan yasalgan, uzunligi 4800 mm.Kultivator 2 ta tayanch gʻildiragi, parallelogramm mexanizmlari (2 ta yondosh va 5 ta asosiy), ishchi seksiyalar, miqdorlagichli oʻgʻit bunkerlari, oʻgʻit oʻtkazgichlar va soshniklardan tashkil topgan.
Ish organlari ishchi seksiyaga prujinasimon stoykalar bilan mahkamlangan.Har bir gʻoʻza qator orasiga (8-rasm) ikki dona diametri 470 mm boʻlgan tishli disk, qamrov kengligi 150 mm boʻlgan besh dona oʻqyoysimon panja va qamrov kengligi 170 mm boʻlgan bir dona chuqur yumshatkich joylashtirilgan. Tishli disklar marza tepasidagi, oʻqyoysimon panjalar egatning har ikki yonini, chuqur yumshatkich esa egatning qoq oʻrtasini yumshatishga xizmat qiladi. Bunda ish organlar orasidagi boʻylama masofa oʻzgarmas boʻlib, koʻndalang masofani rostlash imkoniyati mavjud. Barcha oʻqyoysimon panjalar bir-biriga nisbatan ishlov berish chuqurligi boʻyicha oʻzgarmas qilib oʻrnatilgan, yaʼni ishlov berish chuqurligini pogʻonali ravishda rostlab boʻlmaydi. Chuqur yumshatkichni esa pogʻanali (turli chuqurliklarga) rostlash mumkin. Barcha ish organlarning ishlov berish chuqurligi ishchi seksiya tayanch gʻildiraklarining koʻtarib-tushirish yoʻli bilan rostlanadi.
Kultivatorning agrotirqishi oʻsimliklarning boʻyidan kelib chiqib, rama tayanch gʻildiragi vositasida rostlanadi. Tayanch gʻildirakning eni 200 mm, diametri 500 mm boʻlib, oʻrta qismiga xalqasimon disk diametral oʻrnatilgan (9-rasm). Xalqa ish jarayonida tuproqqa toʻla botib harakatlanadi va shu orqali kultivatorning koʻndalang tebranishlarining amplitudalarini soʻndiradi,gʻoʻza nihollarini qatorlarga yaqin joylashgan ishchi organlar tomonidan shikastlanishinioldini oladi hamda kultivatsiyani sifatli bajarilishini va agrotexnik koʻrsatkichlarni yuqori boʻlishini taʼminlaydi.
8-rasm. Ish organlarni gʻoʻza qator oralariga joylashtirish sxemasi
9-rasm. Ramaga oʻrnatilgan tayanch gʻildiragi
Gʻoʻzani oʻgʻitlash
Kultivator markaziga oʻrnatilgan tishli gʻildirak va zanjirlar yordamida harakat miqdorlagichga uzatiladi. Miqdorlagich oʻgʻitni bir meʼyorda oʻgʻitoʻtkazgich orqali soshniklarga tashlab beradi. Soshniklar esa oʻgʻitni tuproqqa kerakli chuqurlikda koʻmib ketadi.
Kultivatorning afzalliklari: traktor bilan tez va oson agregatlanadi;ish organlarni rostlash kam mehnat talab qiladi;barcha ish organlarning ishlov berish chuqurligi bir vaqtda oson rostlanadi;tayanch gʻildiraklariga halqasimon disk oʻrnatilganligi bois agregatning harakat paytidagi koʻndalang tebranishlari kamayadi (nihollar kam shikastlanadi); kultivatorga texnik xizmat koʻrsatish qulay;ishchi seksiyalarning ramadakoʻndalangiga pogʻanali surilishi hisobiga qator orasi kengligini 76-60 sm oraliqda rostlash mumkin.
Kelajakda kultivatorga ishchi organlar orasidagi boʻylama masofani rostlash, ishchi organlar tomonidan tuproqni qatlamlab yumshatish, namligi kam boʻlgan tuproqlarda prujinasimon stoykalarning egilishi chegaradan oshib ketganda ishchi organlarning tuproqqa kirish burchagining oʻzgarishi va belgilangan chuqurlikka botmasligini oldini olish, uchinchi va keyingi kultivatsiyalarda gʻoʻza tuplari va hosil elementlarini shikastlanmasligi uchun traktorga diametri katta, lekin eni kichkina gʻildiraklarni oʻrnatish imkoniyatlarini beradigan yangi texnik yechimlarni joriy maqsadga muvofiqdir.
Maxsus chuqur yumshatkichlarni ishlatish
Yogʻingarchiliklar koʻp boʻlib hamda birinchi ishlov kechikib oʻtkazilishi natijasida ayrim dalalarda tuproq oʻta zichlashib, begona oʻtlar uchun qulay sharoit yaratilib qoladi.
Bunday dalalarni birinchi navbatda tezkorlik bilan begona oʻtlardan tozalab, qator oralari oʻrtasini 16-18 sm chuqurlikda yumshatib, orqasidan oʻgʻitni berib suv qoʻyilsa gʻoʻzalar tez avjga kiradi. Qator oralarini chuqur yumshatish uchun MTP sharoitida maxsus traktor orqasiga osiladigan ramalarga chizeli yumshatgich ishchi organlaridan 3-donasini oʻrnatib, 16-18 sm chuqurlikda yuradigan qilib sozlansa maqsadga muvofiq boʻlar edi (10-rasm).
10-rasm. Qator oʻrtasini chuqur yumshatuvchi moslama
11-rasm. Qator oralarini chuqur yumshatuvchi ishchi organ
Agarda bunday moslamani yasash imkoniyati boʻlmasa kultivatorlarni ishchi organlaridan foydalanilsa ham boʻladi. Buning uchun eski ressorlar yoki qamrash kengligi 250 mm boʻlgan eski britvalarni olib uning pastki qismiga KKO tipidagi naralnikni payvandlab, kultivatorning traktor gʻildiraklari orqasidan yuradigan gryadillariga mahkamlab ishlatish lozim (11-rasm).
Sugʻorish egatlarini ochish va mineral oʻgʻit solish. Sugʻorish ariqlarini ochish bilan bir vaqtda tuproqqa oʻgʻit solish uchun kultivatorlarga oʻgʻit soshniklari va egatochgichlar oʻrnatiladi. Egatochgichlar qatorlar orasining markazida yuradigan qilib joylashtiriladi. Qator oraligʻi 60 sm boʻlgan dalalarni birinchi oziqlantirishda oʻgʻit soshniklari qoʻchatlardan 15-18 sm masofada, 12-14 sm chuqurlikka oʻrnatiladi. Ikkinchi oʻgʻitlashda masofa 18-20 sm gacha, chuqurlik esa 14-16 sm gacha oshiriladi. Soʻngi oʻgʻit kombinatsiyalashgan ish organlari yordamida qator oraligʻining oʻrtasiga beriladi. 90 sm qator oraliqlarida birinchi oʻgʻitlashda soshniklar koʻchatlardan 15-18 sm, ikkinchi oʻgʻitlashda – 20-22 sm va uchinchi oʻgʻitlashda – 28-30 sm masofada joylashtiriladi. Soshniklarning yurish chuqurligi birinchi oʻgʻitlashda 12-14 sm, keyingilarida – 14-16 sm ni tashkil etadi.
Maʼlumki, gʻoʻzani hosil toʻplash vaqtida oʻtkaziladigan kultivatsiyalarida hosil tugunchalari va koʻsaklarni toʻkmaslik maqsadida kultivatorning ramalari va ishchi organlarning stoykalari himoya vositalari va yumshoq materiallar bilan oʻrab qoʻyiladi.
Gʻoʻza hosil shoxlari 12-14 donaga yetganda qator oralarini kultivatsiyalashni gʻoʻza tuplari oʻsuv nuqtalarini mexanik chilpish bilan birgalikda oʻtkazish yaxshi samara beradi.
Gʻoʻzaning shonalash davrigacha boʻlgan muddatlarda tuproqdagi namni uzoq saqlab turish uchun qator oralari 90 sm boʻlganda maxsus moslamalar yordamida 20-25 sm chuqurlikda yumshatiladi, qator orasi 60 sm boʻlganda yumshatish chuqurligi 18-22 sm atrofida oʻrnatiladi.
Kultivatorni sozlash. Kultivator ip tortilgan yoki sxema chizilgan maxsus tekis maydonchada sozlanadi (12-rasm). Buning uchun birinchi navbatda barcha seksiyalarning shtangalari gorizontal holga keltiriladi (13-rasm), ish organlari ishlov berish chuqurligi va kengligi boʻyicha sozlanadi.
Ish organlarini kerakli chuqurlikda yuradigan qilib sozlash uchun kultivator seksiyalarining tayanch gʻildiraklari tagiga taxtachalar qoʻyiladi. Bu taxtachalarning qalinligi kerakli ishlov berish chuqurligidan 1-2 sm ga, yaʼni gʻildiraklarning tuproqqa botish chuqurligiga teng qiymatga kam boʻlishi kerak.
Shundan soʻng ish organlari kultivator seksiyalariga oʻrnatiladi va mahkamlanadi: pichoq, oʻqyoysimon va chuqur yumshatkich panjalarning qirquvchi qirralari maydoncha yuzasiga toʻliq tegib turishi, yumshatkich panjalar esa tumshugʻi bilan tayanib turishi lozim. Toʻgʻri oʻrnatilgan pichoqlarning gorizontal polkasi va oʻqyoysimon panjaning tumshugʻi maydon yuzasi bilan 12-180, chuqur yumshatkich va yumshatkich panjalarning tumshuqlari esa 30-400 burchak hosil qilishi darkor (14-rasm). Oʻrnatiladigan barcha ish organlarining kesuvchi qirralari oʻtkir boʻlishi kerak.
Ish organlarini qator kengligi boʻyicha sozlash uchun ular koʻndalang kvadrat kesimli tutqich boʻylab koʻndalangiga va qulflar yordamida ustunlar bilan tik yoʻnalishda suriladi. Ustunlarning bukilganligi hisobiga ularni u yoki bu tomonga qaratib, tegishli joyga oʻrnatish mumkin (15, a va b rasmlar).
12-rasm. Kultivatorni ip tortilgan yoki rostlash sxemasi chizilgan maxsus maydonda sozlash tartibi
13-rasm. Kultivator seksiyasi shtangasini gorizontal holatga keltirish tartibi
14-rasm. Ish organlarini yerga botish burchagi
Yumshatkich, chuqur yumshatkich va oʻqyoysimon panjalarning tuproqqa kirish burchagini oʻzgartirish uchun saqlovchi shplintlar soshnikdagi teshiklarning tegishlisiga oʻtkaziladi, pichoqlarda esa uning boltlari boshqa teshikka oʻtkazib mahkamlanadi (15, v-rasm).
Seksiyalarni bosib turuvchi prujinalar yumshoq tuproqlarda ishlaganda boʻshatibroq, zich tuproqlarda esa qisib qoʻyiladi. Ish organlari dala relyefini yaxshi takrorlab borishi uchun seksiya povodogining yuqorigi stopor halqasi tebratma uchidan 50-75 mm yuqorida turishi kerak.
15-rasm. Ish organlarining ishlov berish chuqurligi (a), kengligi (b) va yerga botish burchaklari (v)ni sozlash tartiblari
Ish organlarning yurish chuqurliklari va gʻoʻza tuplariga nisbatan joylashishlari uzil-kesil dalada sozlanadi.
Oʻgʻit solish meʼyorini sozlash
Jadvaldagi maʼlumotlar boʻyicha oʻgʻitlagichlardagi shkalalardan foydalanib barcha apparatlar taxminan bir xil meʼyorga keltiriladi (tirqish kattaligi bir xilda sozlanadi). Keyin oʻgʻitoʻtkazgichlar olib qoʻyilib, apparatlar tagiga qopchalar osiladi va agregat 100 m masofani bosib oʻtadi (yoki gʻildiraklar koʻtarib qoʻyilib, turgan joyida 100 metr masofaga teng sonda aylantiriladi). Qopchalarga tushgan oʻgʻit miqdori tarozida tortilgach, oʻgʻitlash meʼyori quyidagi formula yordamida aniqlanadi:
KMX-65 oʻgʻitlash apparatini oʻgʻit solish meʼyoriga sozlash tartibi
Eslatma: suratda – 60 sm li qator oralari uchun, mahrajda-90 sm li qator oralari uchun
Hisoblangan meʼyor talab qilinayotgan meʼyor bilan taqqoslanadi. Agarda farq 8% dan ortiq boʻlsa, apparatlarning tirqishlari kengligi oʻzgartiriladi va tegishli meʼyorga erishilguncha oʻlchovlar takrorlanadi.
Kultivatorlarni ishlatish tartibi va ularning ish sifatini baholash
Dalaga chiqishdan avval kultivator seksiyalarni koʻtarib-tushirish mexanizmining ishlashi, traktorning rul mexanizmi va tormozlarining holati tekshiriladi, kultivatorni moylash amalga oshiriladi.
Traktor ruli lyuftining meʼyordan ortiq boʻlishiga, tormozlarning boʻsh ishlashiga, moy oqishiga, gʻildiraklarda himoya shitoklarining boʻlmasligiga yoʻl qoʻyilmaydi. Seksiyalarning koʻndalang yoʻnalishda har ikki tomonga ogʻishi 15-20 mm dan oshmasligi kerak.
Qator oralariga ishlov berishda kultivator seyalka yurgan izdan yurishi va uning harakat sxemasini takrorlashi darkor. Kultivatorning chetki ish organlari yondosh qator oralarida yurishi lozim.
Kultivatorning birinchi yurishi odatda past tezlikda amalga oshiriladi va ish organlarning ishi kuzatib boriladi. Egat oxirida ish organlar transport holatiga koʻtariladi. Traktorning bir gʻildiragi tormozlanib, shunday buriladiki, chetki ish organlar ishlov berib kelingan yondosh qator oraligʻiga tushsin.
Birinchi oʻtishda har bir qator oraligʻida ishlov berish chuqurligi va himoya zonalari kengligi oʻlchab koʻriladi. Begona oʻtlarning qirqilishi, gʻoʻza koʻchatlarining zararlanishi koʻz bilan baholanadi. Ish organlarning yurish chuqurligi va himoya zonasining kengligi oʻrnatilgan oʻlchamlardan koʻpi bilan mos ravishda ±1 sm va ±2 sm farq qilishi mumkin. Farq kattaroq boʻlgan taqdirda qoʻshimcha sozlash amalga oshiriladi. Ishlov berilgan kenglikda begona oʻtlarning qirqilishi 98% kam boʻlmasligi va gʻoʻza koʻchatlarining zararlanishi esa 1% dan oshmasligi lozim.
Sugʻorish egatlari qator oraligʻining qoq oʻrtasidan va barcha qatorlarda bir xil chuqurlikda olinishi kerak. Aks holda keyingi kultivatsiya vaqtida agregatni toʻgʻri boshqarish qiyin boʻladi va koʻchatlarga koʻp zarar yetkaziladi.
Yuqoridagilarga toʻla amal qilib gʻoʻza parvarishini sifatli oʻtkazsak, kam xarajat bilan moʻl hosil yetishtirishga erishamiz.
Manba: http://agro.uz/
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT





