Maʼlumki, mavjud Pandemiya tufayli respublikamizning turli sanoat korxonalari oʻz faoliyatini bir qancha muddatga qisman toʻxtatishiga toʻgʻri kelgan edi. Shu jumladan, toʻqimachilik sanoati korxonalari ham.
Prezidentimiz boshchiligida olib borilgan chora-tadbirlar va karantin qoidalarini yumshatilishi oqibatida korxonalar faoliyati bosqichma bosqich tiklana boshladi, ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, mahsulotlar eksporti ham yoʻlga qoʻyildi.
Misol, uchun, 13-may kuni davlat Rahbari boshchiligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Samarqand viloyatidagi toʻqimachilik korxonalari 37 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega ekanligi, lekin hozirda ularning atigi 48 foizidan foydalanilayotganligi taʼkidlandi. Shu bois, toʻqimachilik sanoati quvvatlarining ishlash darajasini oshirish, viloyatdagi 2 ta paxta-toʻqimachilik klasterida yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Samarqand shahridagi “SAMARKAND EUROASIA TEXTILE” korxonasida dastlab erkaklar koʻylagi ishlab chiqarilgan boʻlsa, hozirda korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlarning turi 20 dan oshib, ishchilar soni 500 nafardan ortdi.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan choyshab, yostiq va koʻrpa jildlari, dasturxon hamda boshqa mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab ortib bormoqda. Korxonada yuqori sifat va xalqaro talablar asosida tayyorlanayotgan mahsulotning 80 foizi eksport qilinmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida korxona 700 ming dollarlik mahsulot eksportini amalga oshirdi. Hozirda, korxona taʼsischilari yilning uchinchi choragida yangi loyihani amalga oshirib, yana 120 nafar xotin-qizni ishga jalb qilish niyatida.
Korxonada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun Yaponiyada ishlab chiqarilgan 100 ta tikuv mashinasi keltirib oʻrnatildi. Oʻndan ortiq tikish amaliyotini bajaradigan bunday zamonaviy dastgohlarni keyingi oydan ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Viloyatdagi yirik tekstil korxonalaridan yana biri — Bulungʻur tumanidagi “Maroqand sifat” masʼuliyati cheklangan jamiyatidir. Korxona yiliga 2 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Narpay tumanidagi 13 ming gektar maydonda paxta yetishtirayotgan mazkur korxona toʻla klaster tizimida ishlamoqda. Bu yerda tayyorlangan mahsulotlar Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya davlatlariga sotilmoqda. Hozirgi pandemiya sharoitida korxonaning 700 dan ortiq ishchisi karantin talablariga qatʼiy rioya etgan holda ishni davom ettirmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT



