O‘zbekiston va barcha xorijiy davlatlar o‘rtasidagi avia va avtomobil qatnovlarini joriy yilning 16 martidan boshlab vaqtinchalik to‘xtatilishi munosabati bilan, respublikada bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarni o‘z mamlakatlariga yetkazish va chet davlatlardagi hamyurtlarimizni O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha charter reyslarni tashkil qilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 mart kunidagi koronavirusning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida shunga doir qaror qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, karantin muddati davriga to‘g‘ri keluvchi turizm maqsadida xarid qilingan havo va temir yo‘llari chiptalari, shu jumladan ichki qatnovlar uchun chiptalarni xaridorlar tomonidan qaytarilgan taqdirda, jarimasiz qabul qilish, chipta narxini xaridorga to‘liq qaytarish yoki boshqa muddatga ko‘chirish choralari ko‘riladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan xorijiy mamlakat fuqarolarining viza muddati joriy yilning 10 apreligacha avtomatik tarzda uzaytiriladi.
Shuningdek, muayyan muddatga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolariga ham (belgilangan muddat buzilgan taqdirda) istisno tarzida mamlakatdan chiqib ketishiga joriy yilning 10 apreliga qadar ruxsat beriladi,
Yuqoridagi holatlarda ularga nisbatan hech qanday choralar ko‘rilmaydi!
Mazkur qarorga asosan, mehmonxona majmualari rahbariyatidan mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, xorij fuqarolarini joylashtirish vositalariga muammosiz qabul qilish so’raladi.
Manba: uzbektourism.uz