Ayni kunlarda 10 dan ortiq to‘qimachilik korxonalaridan tashkil topgan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi delegatsiyasi 2023 yil 6 avgust kuni Pokiston to‘qimachilik fabrikalari uyushmasi (APTMA) hamda Uyushma o‘rtasida ikki davlat o‘rtasida to‘qimachilik sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha imzolangan Memorandum muvofiq Pokiston davlatida biznes tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Biznes tashrifdan asosiy maqsad Pokistonning to‘qimachilik rivojlangan bir qator shaharlariga tashrif buyurgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Pokiston to‘qimachilik korxonalari uyushmasi-APTMA o‘rtasida o‘zaro tajriba va bilim almashishdan iborat.
Tashrifning ilk kunlarida delegatsiya vakillari Pokiston to‘qimachilik mahsulotlari eksportchilari uyushmasi (PTEA)ga tashrif buyurib, mamlakatning umumiy eksport salohiyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari, eksport geografiyasi va xalqaro brendlarning talablari bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, delegatsiya vakillari tomonidan Pokiston korxonalari tomonidan uy to‘qimachilik mahsulotlari uchun xom-ashyo yetkazib berish va O‘zbekistonda qayta ishlagan holda uni Yevropa va MDH davlatlariga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning keyingi kunlarida delegatsiya vakillari uchun Pokiston to‘qimachilik korxonalari uyushmasi (APTMA) tomonidan Pokiston tajribasiga bag‘ishlangan bir qator seminarlar va korxonalarga tashriflar tashkil etiladi. Korxona xodimlarining malaka va ko‘nikmasini oshirish maqsadida o‘z tajribasiga asoslanib, APTMA Yevropa Ittifoqi murakkab xalqaro barqarorlik talablarini korxonalarga to‘liq tushuntirishda texnik yordamlar ko‘rsatadi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




