O‘zbekiston paxtachilik va to‘qimachilik sohasi ko‘p yillar xalqaro paxta taqiqi ostida bo‘ldi. Ammo shunday noqulay davrda ham Singapurning INDORAMA GROUP kompaniyasi mamlakatni qo‘llab-quvvatladi. Bugun esa maqolamizni ushbu kompaniyaga, uning respublika to‘qimachilik sanoati tiklanishi va rivojlanishiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlashga qaror qildik. Suhbatdoshimiz Dipak RAYNA paxtachilik va to‘qimachilik sohasida umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida ikki mamlakatning qo‘shma faoliyatiga doir ko‘pgina jihatlar haqida so‘z yuritdi.
– Janob Rayna, suhbatimizni Indorama Group kompaniyasining O‘zbekistonga tashrifidan boshlasak. Uning mamlakatimizdagi maqsad va vazifalari qanday? Ma’lumki, kompaniya paxtaga taqiq qo‘yilgan eng noqulay davrda ham mamlakat to‘qimachilik sanoatiga investitsiyalar kiritgan edi. Bundan tashqari, kompaniya xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va boykotni bekor qilishda muhim o‘rin tutdi. Shu haqda batafsil to‘xtalsangiz.
– Agar Indorama Group kompaniyasi haqida so‘z yuritsak, u 45 yil muqaddam to‘qimachilik sohasida ish boshlab, o‘nlab yillar muvaffaqiyatli rivojlangan davrida biznesimiz yanada ko‘p millatli va har taraflama tus oldi, ammo to‘qimachilik sanoati asosiy yo‘nalishlarimizdan biri bo‘lib qolmoqda – kompaniyamiz avvalgidek to‘qimachilik mahsulotlarining dunyoda eng yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi.
Nega O‘zbekiston to‘qimachilik sohasiga investitsiya kiritdik? Negaki biz 10 yildan ko‘proq vaqt avval O‘zbekiston bozoriga qadam qo‘ygan paytimizda, u paxtani yetishtiruvchi va asosan ip-kalava tarzida eksport qiluvchi eng yirik mamlakatlar biri sifatida tanilganini bilardik. Bu mamlakat salohiyati ulkan, bizga esa paxtani eksport qilish emas, balki yetishtirish va qayta ishlash juda muhim. Shunday qilib, jahon standartiga mos ip-kalava ishlab chiqarishni boshladik va bu yo‘nalishda o‘sha vaqtdayoq, 12 yil avval investitsiyalar kiritdik.
2022 yilda O‘zbekiston 3 mlrd. dollardan ziyod hajmda to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qildi. Bu esa Indorama Group investitsiyalar borasida to‘g‘ri qarorga kelganidan darak beradi. Ma’lumki, Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasiga a’zo bo‘lgan 300 dan ortiq xorijiy brendlar O‘zbekistonga boykot e’lon qilgan edi. Biz muloqotga kirishib, O‘zbekiston bilan ishlashga chaqirdik. 2022 yil boshida boykot bekor qilingandan so‘ng O‘zbekistonga xalqaro brendlarni jalb qilish va ularning mahsulot yetkazib berish zanjirlarida ishtirok etish borasida yangi imkoniyatlarni qo‘lga kiritdik. Ularga sifatli mahsulot yetkazib berishga intilamiz. Buning uchun bizda «Eng yaxshi paxta» sertifikatlashtirish tizimi bor. BCI sertifikatlariga ega mahsulotlarimizni ko‘rgan brendlar biz bilan hamkorlikka intiladi, chunki bu dunyoda e’tirof etilgan tizimdir. Biz BCI bilan ishlab, O‘zbekiston tarixida birinchi bo‘lib mazkur sertifikatni oldik. Shu tarzda tayyor kiyim, interyer va sochiqlar uchun mato ishlab chiqaruvchilariga brendlar bilan ishlash borasida ajoyib sharoitlar yaratildi.
– Sizningcha, Indorama Group kompaniyasi O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga investitsiyalar kiritganidan buyon bu sohada qanday tub o‘zgarishlar yuz berdi?
– Indorama Group kompaniyasi O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining eng yirik investorlaridan. Shuningdek, kompaniyamiz mamlakatning nafaqat to‘qimachilik, balki agrobiznes sohasiga investitsiyalar kiritadi, bundan tashqari, O‘zbekistonda o‘g‘it ishlab chiqarish bo‘yicha biznesini rivojlantirmoqda. Ushbu maqsad yo‘lida Farg‘onada azot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqdamiz va Indorama Kokand Fertilizers kompaniyasini ishga tushirdik. Investitsiyalarga kelsak, O‘zbekiston tabiiy zaxiralarga boy, tajribali mutaxassislarga ega, sanoat sohasida ham barcha narsa muhayyo. Shu sabab, mamlakatingiz investorlar uchun juda qulay. O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tishga katta e’tibor bermoqda, 2016 yil islohotlari va iqtisodiyotdagi keyingi yangilanishlar yaxshi natijalar keltirdi. Mamlakatga investor sifatida qadam qo‘yar ekansiz, bu yerdagi barcha imkoniyatlarni baholaysiz, tavakkalchiliklar haqida bilib olasiz. Buni har bir investor inobatga oladi. Avvalo xuddi shu yo‘nalishda O‘zbekiston investorlar uchun xavfsiz va qulaydir.
O‘zingiz va biznesingiz muhofaza ostida ekanligini bilib, bu mamlakat bozoriga bemalol qadam qo‘yaverasiz. Bu investitsiyalaringiz himoyalangan deganidir. Hozir qiyinchiliklar yo‘q deya olmayman, ammo imkoniyatlar yetarli.
– Indorama Kokand Textile kompaniyasi O‘zbekistonda ip-kalavaning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biriga aylanmoqda. Uning muvaffaqiyatiga nima yordam berdi? Uni rivojlantirishning kelgusi strategiyasi qanday?
– Bugun Indorama Kokand Textile ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi korxonalardan biri bo‘lib, yillik hajmi 50 tonnani tashkil etmoqda. Kompaniya ochilishi bois, mingdan ziyod odamlar ishlik bo‘ldi, ularning aksar qismi ayollar. Kompaniyamizning asosiy vazifalari sifat va ochiqlik kafolatlari bo‘lib, ularni ta’minlash uchun ISO va boshqa xalqaro sertifikatlar mavjud, shuningdek, kompaniya jahon darajasida xavfsiz ishlab chiqarish tizimini yaratgan.
Hozir mahsulotlarimizni dunyoning barcha mamlakatlariga eksport qilish imkoniyatiga egamiz. Shubha yo‘qki, maqsadlarimiz biznesimizning keyingi texnologik yo‘nalishiga bog‘liq bo‘ladi.
– «Indorama Group» mamlakat qishloq xo‘jaligiga ham investitsiyalar kiritgan. Paxta sohasi kompaniyaning asosiy biznesi bo‘lsa-da, tashkil etilgan Indorama Agro kompaniyasi endilikda O‘zbekistonda yetakchi agroklaster hisoblanadi.
– To‘g‘ri aytdingiz, «Indorama Group» endilikda Indorama Agro kompaniyasi bilan qishloq xo‘jaligida ish boshladi. Agrosanoat biznesi biz uchun odatiy emas. Ammo, O‘zbekiston ilk fermerlik korxonasi – Indorama Agro ochilgan birinchi mamlakatga aylandi. Bir vaqtlar xuddi shu maqsadda, ya’ni, to‘qimachilik sohasini rivojlantirish uchun O‘zbekistonga qadam qo‘yib, muvaffaqiyatga erishdik. Kompaniyamizning bu ilk tajribasini O‘zbekistonga barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda yordam berish maqsadida yana qo‘lladik. Iqtisodiyotning ushbu sohasida ish boshlashdan oldin bu masala yuzasidan ko‘p tadqiqotlar o‘tkazib, AQSh, Braziliya va Avstraliya kabi rivojlangan mamlakatlarda qishloq xo‘jaligini yuritish tajribasini o‘rgandik. Endi esa tadqiqotlarimiz natijalarini O‘zbekiston sharoitlariga moslashtirishga harakat qilmoqdamiz. Shuningdek, O‘zbekistonning barcha noyob tuproq-iqlim xususiyatlarini o‘rganib, bu yerga ko‘plab yuqori malakali mutaxassislarni jalb etdik. Bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ilk tajribamiz bo‘lganligi sababli bu yerga eng ilg‘or texnologiyalarni olib kirdik. Hozir mana shu tajribamizga tayanib, O‘zbekistonda o‘z faoliyatimizning har bir yo‘nalishi bo‘yicha alohida ishlarni amalga oshirdik. Masalan, paxta dalasiga lazer bilan ishlov berdik. Mamlakatning issiq iqlimida, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida suv qimmatli zaxira ekanligini inobatga olib, tomchilab sug‘orish tizimini joriy etdik. Sho‘rlangan yerlarni takroriy boyitish maqsadida, sifatli mahsulotlar olish uchun tuproqqa ishlov berdik, yerning sho‘rini yuvib, tuzni zararsizlantirish uchun kaltsiy bilan boyitdik. Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar tajribasidan foydalanib, jahon darajasidagi biologik hasharotlar dasturi ishga tushirildi, bu hasharotlarni ko‘paytirish uchun ikki maxsus biolaboratoriya tashkil etildi. Maqsadimiz – qishloq xo‘jaligini o‘zgartirish, uni rivojlantirish uchun yangi bilim va texnologiyalar kiritish, mamlakatingizni jahon bozoriga olib chiqish.
– Mamlakatimiz iqtisodiyotiga qo‘shayotgan ulkan hissangiz uchun rahmat. Kelgusi ishlaringizda katta muvaffaqiyatlar tilaymiz!
uzts.uz veb-saytidagi ma’lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tirajlash, tarqatish va boshqa tarzda foydalanish faqat uyushma veb-saytiga havola orqali amalga oshirilishi mumkin
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




