Bugun Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi va yarmarkaning asosiy maqsadi 2024 yilgi bitiruvchilarni ishga taqsimlash, ularning munosib ish tanlash jarayonlarining sifat va samaradorligini oshirishga qaratildi.
Yarmarkada “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zcharmsanoat” va “O‘zbekipaksanoat” uyushmalariga a’zo korxonalar, respublikadagi Matbaa kompaniyalari hamda Yakkasaroy tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi vakillaridan iborat bo‘lgan 50 dan ortiq ish beruvchilar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Bu yil Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini umumiy sonda 1311 nafar talaba bitirmoqda. Shundan, kunduzgi bo‘limda 22 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 840 nafar, sirtqi bo‘limda 10 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 331 nafar bakalavrlar, 16 ta mutaxassisliklar bo‘yicha 36 nafar magistrlar, xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari bilan tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha 98 nafar bakalavr, hamda 6 nafar magistrlar bitirmoqdalar.
Hozirgi paytda Respublikamiz yengil sanoat tizimida zamonaviy texnologiya va uskunalar bilan jihozlangan 2000 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va qayta jihozlash, malakali kadrlar tayyorlash, chet-el investitsiyasini jalb etishga asoslangan rivojlanish strategiyasi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularning eksporti ko‘lamini kengaytirish imkonini bermoqda.
Mamlakatimiz yengil sanoat tarmog‘i o‘z salohiyatini yanada yuksaltirish uchun katta imkoniyatlarga ega. Yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha samarali dastur bu borada muhim o‘rin tutadi. Institutda har yili to‘qimachilik va yengil sanoat, paxta sanoati va matbaa sanoati uchun mingdan ziyod mutaxassislar tayyorlanmoqda.
O‘ylaymizki, mazkur “Karyera kuni” mehnat yarmarkasida tadbirkorlar o‘zlariga kerakli yosh kadrlarni tanlab olishadi, institut bitiruvchilari esa o‘zlari uchun bo‘sh ish o‘rinlarini topib, kelajakda ishlaydigan istiqbolli korxona va tashkilotlar bilan shartnomalarini tuzadilar hamda o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatib, respublikamizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shadilar degan umiddamiz.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




