O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida mahsulot ishlab chiqarishning to‘la uzviylashtirilgan zanjiri, o‘sayotgan bozor va investitsiya dasturlari Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida amaliy munosabatlarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar doirasini taqdim etadi.
Dunyoda to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlarining eng tez o‘sayotgan bozorlaridan biri haqida Germaniyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, doktor Tilo KLINNERga bir qancha savollar berdik.
– Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer taklifiga binoan, joriy yilning 2-3 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatingizga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif oliy darajada, jumladan, to‘qimachilik sohasida qanday o‘zaro foydali hamkorlik ufqlarini ochdi? Hozirda mamlakatlarimiz bu sohada qanchalik uzviy hamkorlik qilmoqda?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniya Federal Prezidenti va Germaniya Kantsleri bilan uchrashuvlari chog‘ida ikki taraf mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Bu hamkorlik kelgusi yillarda kengaytiriladigan va Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan kasb-hunar ta’limi va to‘qimachilik bozorlariga chiqish yo‘nalishlaridagi loyihalarni o‘z ichiga oladi. Bunday davlat tashrifi odatda ishbilarmon doiralarning e’tiborini tortadi. Aynan shu holatda ham O‘zbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyevning tashrifi Germaniya to‘qimachilik kompaniyalarini O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va zarur jihozlar savdosi bo‘yicha hamkor sifatida taqdim etayotgan ulkan salohiyatni yanada diqqat bilan o‘rganishga chorladi.
Nafaqat paxta yetishtirish va eksport qilish, balki xom ashyoni paxta dalasidan peshtaxtagacha bo‘lgan mahalliy qayta ishlash hisobiga mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha qiymat keltirayotgan to‘qimachilik tarmog‘i mahsulot yetkazib berishning butun zanjirida ijtimoiy va ekologik standartlarga rioya qilish orqali o‘z barqarorligini oshirdi. Bunga erishish uchun hukumat ham yangi eksport bozorlari uchun sertifikatlar olish maqsadida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga, ham O‘zbekistondan mahsulotlar xaridini osonlashtirish, masalan, logistika yoki xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish maqsadida xalqaro kompaniyalarga qator imtiyozlar taqdim etdi.
Bu kabi sa’y-harakatlar va ishlanmalar tufayli O‘zbekiston investitsiyalar va savdo imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida yangi hamkorlar izlayotgan xorijiy kompaniyalar uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda.
– O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari va kiyim-kechak brendlari o‘zlarini faqat arzon mahsulot ishlab chiqaruvchilari deb bilmayapti, balki sifatli va barqaror ishlab chiqarish orqali muvaffaqiyatga erishish niyatida. Teamdress va Langheinrich kabi muvaffaqiyatli hamkorlik munosabatlarining noyobligi nimada va ular bunga qanday hissa qo‘shishi mumkin?
– Germaniya to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati kichik va o‘rta kompaniyalarning mavjudligi bilan ajralib turadi. Ko‘pgina kompaniyalar oilaviy bo‘lib, bir qancha avlodlar davomida oilaviy mulk bo‘lib kelgan. Teamdress va Langheinrich ham avlodlararo uzoq muddatli fikrlashni o‘z dasturilamali qilib olgan ushbu an’anaviy kompaniyalar qatoriga kiradi. Kuchli raqobat hukm suradigan to‘qimachilik bozorida ular faqat doimiy innovatsiyalar va moslashuvchan siyosat tufayli muvaffaqiyatga erishdi.
O‘zbekiston nemis nou-xaularini o‘zlashtirish va sifat standartlarini ilgari surish hisobiga bunday hamkorlikdan manfaat ko‘rishi mumkin. Sifatning yaxshilanishi ham O‘zbekiston ichki bozori uchun mahsulot ishlab chiqarishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yevropaning yuqori sifatli mahsulotlarga talabi, xoh moda, xoh ish kiyimi yoki uskunalar bo‘lsin, bunday hamkorlikda ishlaydigan O‘zbekiston kompaniyalari tomonidan yaxshiroq qanoatlantiriladi. Bu o‘z navbatida O‘zbekiston iqtisodiyotining mustaqilligi uchun xizmat qiladi.
– Germaniyaning GIZ xalqaro hamkorlik agentligi O‘zbekistonda ko‘plab loyihalarni, shu jumladan, to‘qimachilik va ta’lim sohalarida amalga oshirmoqda. Eng keng qamrovli loyiha «O‘zbekiston paxta sanoatida barqaror rivojlanish va qo‘shimcha qiymat» bo‘lib, u qishloq xo‘jaligi, paxta va to‘qimachilik sanoatini, shuningdek, atrof-muhit va iqlimni muhofaza qilishni, ijtimoiy rivojlanish va iqtisodiy o‘sishni qamrab oladi. Bundan tashqari, «O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimini isloh etish va modernizatsiya qilish jarayonini qo‘llab-quvvatlash» va «Eksportni rag‘batlantirish va Moda inkubatori (FIT)ni tashkil etish» loyihalari ishlayapti. Mazkur loyihalar qanday afzalliklar yaratadi va to‘qimachilik sohasining o‘sishiga qanday yordam beradi?
– O‘zbekiston hukumati va to‘qimachilik korxonalari uchun bo‘lajak to‘qimachilik mutaxassislarini o‘qitish va qayta tayyorlashga investitsiya kiritish juda muhim. Yaxshi tayyorlangan maxsus mutaxassislarsiz O‘zbekiston to‘qimachilik sohasini yanada rivojlantirishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biz zamonaviy to‘qimachilik sohasida jadal o‘zgarishlar va modernizatsiya guvohi bo‘lmoqdamiz, bu katta imkoniyatlar barobarida muammolar ham yaratadi. GIZning ikki ta’lim loyihasi O‘zbekiston hukumati va to‘qimachilik sanoatiga ushbu muammolarni muvaffaqiyatli hal etishga yordam bermoqda.
«O‘zbekiston paxta sanoatida barqaror rivojlanish va qo‘shilgan qiymat» loyihasi ekologik toza va ijtimoiy adolatli barqaror ta’minot zanjirini yaratishga yordam beradi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad – har bir xalqaro ekspert O‘zbekistonda bo‘la turib mahalliy mutaxassislarni o‘qitishi kerak, so‘ng bu mutaxassislar o‘z tajribasini yurtdoshlariga yetkazadi. Loyihadan ko‘zlangan bosh maqsad – sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish va O‘zbekistondan to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berishni rejalayotgan Yevropa kompaniyalari bilan aloqa o‘rnatish.
O‘z biznesiga ijodiy yondashuvchi iqtidorli yosh dizaynerlar uchun biznes-rejalarni rivojlantirish, to‘qimachilik sohasidagi yosh tadbirkorlarga o‘z g‘oyalarini amalga oshirish va mustahkamlashga imkon beradigan platformani taqdim etish maqsadida, GIZ Toshkentda Moda inkubatori (FIT)ni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Hozirgacha 13 nafar tadbirkor marketing, biznes va mahsulotlarni yaratish bo‘yicha o‘qitildi, suhbatlar, tashriflar va fikr almashishlar o‘tkazildi. Ularning ko‘pchiligi allaqachon o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda va mahalliy moda podiumining muvaffaqiyatli ishtirokchilariga aylandi.
– Joriy yilning 24-26 may kunlari Toshkent shahrida o‘tgan UzTextileExpo ko‘rgazmasida federal byudjet hisobidan Germaniya paviloni tashkil etildi. Ko‘rgazma nemis to‘qimachilik kompaniyalariga mahalliy xaridorlar, sotuvchilar, boshqa ishbilarmon hamkorlar bilan aloqa o‘rnatishda yordam berish borasida qanchalik muvaffaqiyatli bo‘ldi?
– UzTextileExpo ko‘rgazmasida Gesamtmasche kompa- niyasi tomonidan tashkil etilgan Germaniya paviloni nemis kompaniyalariga O‘zbekistonda ilk bor o‘z mahsulotlarini namoyish etish uchun maydoncha taqdim etdi. Nemis kompaniyalarining maqsadi yetkazib beruvchi- larni izlashdan to eksport va distribyutorlik sheriklikni qamrab oldi. Ular O‘zbekistonning yarmarkada ishtirok etayotgan ko‘plab kompaniyalari bilan aloqa o‘rnatib, ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘zdan kechirdi, Yevropa Ittifoqiga mahsulotlarni eksport qilish shartlari bilan tanishdi. Barcha kompaniyalar tez sur’atda o‘sayotgan O‘zbekiston bozori imkoniyatlarini e’tirof etib, kelasi yilda yana ishtirok etish istagini bildirdi.
Germaniya paviloni 2023 yildan e’tiboran Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan loyihani amalga oshirayotgan Gesamtmasche va Uztextileprom o‘rtasidagi GUZ Partners hamkorligi yordamida tashkil etildi. Asosiy maqsadlar jumlasiga O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari xodimlarini maqsadli o‘qitish orqali ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va mahsulot sifatini oshirish kiradi. Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi loyihani va Germaniya pavilonini qo‘llab-quvvatladi: O‘zbekiston va Germaniyaning 100 dan ziyod vakillari Germaniya Elchisi Janobi Oliylari doktor Tilo Klinner, Uztextileprom uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, GIZ Tashkentdan Jina Burgard va Gesamtmasche boshqaruvchi direktori Silviya Yungbauerning matbuot brifingida ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, GUZ Partners loyihasi doirasida O‘zbekiston va Germaniya kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, o‘zbek to‘qimachilik sohasi bilan Germaniya va Yevropada hamkorlik qilish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumotlarni yetkazishga doir turli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Masalan, 2023 yilning 28 avgust kuni Shtutgart shahrida batafsil bozor ma’lumotlariga qo‘shimcha tarzida B2B almashuviga bag‘ishlangan Germaniya-O‘zbekiston iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya safari doirasida Gesamtmasche korxonalarga bir qancha tashriflar uyushtirdi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va to‘qimachilik ta’lim muassasalari, Messe Frankfurt va VDMA mashinasozlik assotsiatsiyasi bilan muhokamalar o‘tkazdi. Shuningdek, GUZ Partners mintaqadagi DACH tarmog‘ini O‘zbekiston to‘qimachiligi rivojlanishi haqida muntazam xabardor qilmoqda va loyiha doirasida doimiy aloqa imkoniyatlarini taklif etmoqda (www.guzpartners.org).
GIZ kabi iqtisodiy hamkorlik loyihalari keng tanilgan, Germaniya va boshqa mamlakatlarda tarmoqlarni, shuningdek, to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik va bir qancha tashabbuslarni ta’minlamoqda.
– Mavzuni davom ettirsak… Yaqinda bosh idorasi Shtutgart shahrida joylashgan «Barqaror paxta uyushmasi» ochildi. Mazkur tashkilot oldidagi vazifalar qanday?
– Uztextileprom va Gesamtmasche hamda Mangold Consulting yordamida 2023 yil fevralida Barqaror paxta ishlab chiqarish uyushmasi – VNB («Verein für Nachhaltige Baumwolle») tashkil etildi. Uyushma Germaniya hokimiyat organlarida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng o‘z ishini boshlaydi.
Uyushmaning asosiy maqsadi – paxta matosidan tikilgan mahsulotlar va barqaror rivojlanish masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda Germaniya va O‘zbekistonning to‘qimachilik va tikuvchilik bo‘yicha iqtisodiy munosabatlari manfaatlarini himoya qilishdir. Uyushmaning vazifalari: a) a’zo kompaniyalarga oqilona savdo siyosati va halol raqobat bilan bog‘liq barcha masalalarda yordam ko‘rsatish; b) faoliyat, sifat, moda va barqarorlik nuqtai nazaridan daromadlilik va mahsulot narxini oshirish maqsadida tajriba almashish jarayonini rivojlantirishdir.
– Sanoatning asosiy tarmoqlariga nisbatan aylanmasi kichik bo‘lsa-da, to‘qimachilik va tikuvchilik sohasi Germaniya iqtisodiyoti uchun hamon katta ahamiyatga ega. Germaniyaning soha o‘sishi va uning iqtisodiyotga ta’siri bo‘yicha orttirgan tajribasi haqida so‘zlasangiz…
– Germaniya dunyodagi eng yirik to‘qimachilik va moda bozorlaridan biri, uning to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati esa iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi eng yirik tarmoqlardan biridir. Bugunga qadar yetakchi xalqaro moda brendlari Germaniyada joylashgan, to‘qimachilik sanoati esa Germaniya va Yevropada yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Nemis to‘qimachilik sanoati funktsional moda mahsulotlari uchun texnik to‘qimachilik kabi ilmiy sig‘imli segmentlarga ixtisoslashgan. Faoliyatning muhim yo‘nalishlari – mehnat xavfsizligi, sport va salomatlikni ta’minlaydigan to‘qimachilik mahsulotlari.
– Qabul qilingan maxsus GSP+ preferentsiyalari O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa Ittifoqiga bojsiz import qilishga imkon beradi. Bu mamlakatlarimiz, shuningdek, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mahsulot aylanmasiga qanday ta’sir qildi?
– O‘zbekiston 2021 yil aprelida GSP+ maqomini oldi. Shu tarzda GSP+ doirasidagi mahsulotlarning uchdan ikki qismi uchun tariflar bekor qilindi. To‘qimachilik sohasi ushbu imtiyozlardan eng ko‘p foyda ko‘rdi. Shu bilan birga, GSP+ benefitsiari maqomi O‘zbekiston barqaror rivojlanayotganini tasdiqlaydi va Yevropa Ittifoqi mamlakat taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlaydi. 2022 yilda Yevropa Ittifoqiga ip-kalava va to‘qimachilik mahsulotlari eksporti qariyb 160 mln. AQSh dollariga yetdi, holbuki, 2020 yilda 70 mln. AQSh dollarini tashkil etgandi. Bunga ko‘p jihatdan GSP+ yordam berdi. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda O‘zbe- kistonning turli kompaniyalari Yevropa bozori uchun zarur sertifikatlarni olish, mahsulot turlarini kengaytirish va yangi mijozlar bilan faol aloqa o‘rnatish hamda eksport hajmini oshirish borasida katta harakatlarni amalga oshirdi.
– O‘zbekistonning Ipak yo‘lidagi yangi to‘qimachilik nuqtasi sifatidagi nufuzi haqida nima deya olasiz?
– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ip-kalavadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan zamonaviy qayta ishlash tarmog‘ini yaratish va kengaytirishga katta sarmoya kiritildi. O‘zbekiston dunyoda eng yirik paxta ishlab chiqaruvchilardan biri hamda an’anaviy qayta ishlash va savdo markazi bo‘lib, boy to‘qimachilik merosiga ega. Endilikda yigiruv fabrikasining innovatsion quvvatlari negizida to‘qish, pardozlash va tayyor kiyimlarni ishlab chiqarishning keyingi bosqichlarini xalqaro miqyosda raqobatbardosh sifat darajasiga ko‘tarishdek vazifa turibdi. Texnologik va amaliy jihatlarga qo‘shimcha tarzda, bu Yevropa bozorida muvaffaqiyatga erishish uchun barqarorlik jihatlarini ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, global pandemiyadan so‘ng mahsulot yetkazib berish zanjiri diversifikatsiyasi ko‘pgina kompaniyalar uchun ustuvor vazifaga aylanmoqda. O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlarining yangi manbai sifatida yuksalishi va uning bu sohada barqarorligini mustahkamlashga, xususan, organik paxta yetishtirishni jadal kengaytirishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar mamlakatingizni nafaqat nemis, balki dunyo kompaniyalari uchun jozibador bozorga aylantirmoqda.
uzts.uz veb-saytidagi ma’lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tirajlash, tarqatish va boshqa tarzda foydalanish faqat uyushma veb-saytiga havola orqali amalga oshirilishi mumkin
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




