O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati respublikada o‘sish suratlariga ko‘ra yetakchilar qatorida. Jumladan, xorijiy investorlarni jalb qilish, ish o‘rinlarini yaratish va mahsulot eksporti jixatidan strategik jihatdan muxim sanoatga aylandi. So‘ngi 5 yilda eksport ko‘rsatkichlarini 3.5 mlrd. doll. yetgan bo‘lsa, ayni damda ushbu ko‘rsatkichni 5.0 mlrd. dollarga yetkazish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Ushbu ko‘rsakichlarga erishishda mahalliy to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilarni global ishlab chiqarish zanjiriga kirishi va xalqaro brendlarni jalb qilish keyingi galdagi muhim vazifalardan biridir. Bu borada, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda mahsulot sifatini oshirish va xalqaro miqyosda keng targ‘ibot qilish muhim vazifa hisoblanadi.
Sanoatning so‘ngi yutuqlarini namoyish etishga qaratilgan Toshkent to‘qimachilik haftaligi va Uztextile Expo xalqaro to‘qimachilik va moda ko‘rgazmasi asosiy targ‘ibot platformasiga aylandi va xalqaro ekspertlarning ishtirok etilishi shart bo‘lgan tadbirlar ro‘yxatidan joy olib ulgurdi. Haftalik ko‘rgazma va forumlar, trening va seminarlar, maxsus bayer dasturlari, biznes tur va V2V uchrashuvlar, ishlab chiqarishda to‘liq zanjirni namoyish etish imkoniyatini yaratuvchi unikal platforma hisoblanadi.
Raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, haftalik va ko‘rgazma ko‘rsatkichlariga nazar tashlasak, unga bo‘lgan qiziqish kundan kun ortib bormoqda. Bahor mavsumida 40 ta xorijiy mamlakatlardan 10 000 dan ortiq ishtirokchi etdi, jumladan, mashhur soha mutaxassislari, taniqli xorijiy va mahalliy ma’ruzachilar, 20 dan ortiq xorijiy jurnalistlar va 7 ta xalqaro tashkilotlar, shuningdek, xorijiy elchilar, vazirlik va kompaniyalar ishtirok etdi. Haftalik tadbirlari Germaniya, Polsha, Turkiya, Hindiston, Ozarbayjon, Eron, Rossiya davlatlari nashrlarida ham keng yoritildi.
Tashkilotchilar tomonidan To‘qimachilik Haftaligi 2023 yil kuz mavsumi doirasida ham turli tadbirlarlar tashkil etilishi kutilmoqda. Haftalikni asosiy voqealaridan biri Uztextilexpo-2023 Kuz VII Xalqaro to‘qimachilik va moda ko‘rgazmasining rasmiy ochilishi 18 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Xitoy, Hindiston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘izston, Turkmaniston va Tojikiston davlatlaridan 180 kompaniya va brendlar ishtiroki kutilmoqda. Va bular qatorida albatta o‘zimizning katta, o‘rta va yirik ishlab chiqaruvchilarimiz ham o‘z mahsulotlarining ko‘rgazmada namoyish etilishi kutilmoqda. Ko‘rgazmaning mantiqiy davomimi bu bayerlar dasturi bo‘lib, unda 100 dan ortiq kompaniyalar o‘z ishtirokini tasdiqladi.
Shu bilan birgalikda, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va USAIDning biznesni rivojlantirish dasturi bilan hamkorlikda to‘qimachilik sanoati uchun “Brending maktabi” ilk treninglari bo‘lib o‘tadi. 5 kunlik treninglar Milliy va korporativ brending hamda strategik kommunikatsiyalar, PR, GR va IR sohasida katta tajribaga ega, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘izston mamlakat brendlarini tanitib, ilgari surgan Sergey Stanovkin tomonidan olib boriladi.
To‘qimachilik haftaligining yana bir muhim voqeasi Better Work Uzbekistan dasturi seminarlaridir. Tadbir «Radisson Blu Hotel» mehmonxonasida 18 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi va unda Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro moliya korporatsiyasi kabi tashkilotlar vakillari, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbariyati va to‘qimachilik sanoati korxonalari ishtiroki kutilmoqda.
Shuningdek, hafta davomida to‘qimachilikda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan turli treninglar, jumladan, savdo platformalari, sertifikatlashtirish va innovatsiyalar bo‘yicha seminarlar, V2V uchrashuvlar, biznes turlar va yangi to‘qimachilik sanoati korxonalarini ishga tushirish marosimlari o‘tkaziladi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmati
ITECA Exhibitions kompaniyasi
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




