O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatining rivojlanishi yangi transformatsiyani boshdan kechirmoqda. Bu kimyoviy tolalar ishlab chiqarishning kengayishi. Bularga akril tola, shu jumladan aralash tolalar ishlab chiqarilishi kiradi.
Akril – bu tabiiy kashmirga yaqin sintetik tolalardan tayyorlangan sun’iy material bo‘lib, boshqa nomi bilan “sun’iy jun” deb ataladi. U o‘ta chidamliligi va rang berish qulayligi bilan ajralib turadi va shaklini yo‘qotmaydi. Birinchi akril tolalar 1948 yilda Amerikaning “DuPont” kompaniyasida ishlab chiqilgan.
Turli qalinlikdagi kalava iplar, shuningdek trikotaj matolar va tayyor matolar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan tolalar past, arzon narx bilan ajralib turadi. Akrildan foydalanish mahsulot tannarxini sezilarli darajada pasaytiradi, bu esa tayyor mahsulot turlarini kengaytiradi, O‘zbekiston mahsulotlarining eksport salohiyati va jahon bozorida raqobatbardoshligini oshiradi.
Davlat rahbari Sh. Mirziyoyev “Bu Yangi O‘zbekistondagi yangi yo‘nalishdir. Davlatimizda to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanmoqda. Agar korxonalar qo‘shimcha qiymat yaratishga va ko‘proq daromad olishga intilsa, ular hech bo‘lmaganda qisman akrilni o‘zlashtirishlari kerak. Undan ishlab chiqarilgan mahsulotlar 5 baravar qimmat turadi. Bu ham daromad, ham barqarorlik va ham ish o‘rinlari demakdir. Shu bois paxtani qayta ishlashni rag‘batlantiruvchi davlat, endi sun’iy tolalar ishlab chiqarishga ham har tomonlama yordam beradi”.
Bu borada Buxoro viloyatidagi “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasida qariyb noldan qurilgan qiymati 36 million dollarlik, yiliga 40 ming tonna kalava ip ishlab chiqarish imkoniyatiga ega “Siyavush tekstil” korxonasi akril kalava ip ishlab chiqaradigan eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda korxonada 600 kishi ish bilan ta’minlangan, kelajakda, keyingi – akril tolani to‘liq mahalliylashtirish va undan bolalar kiyimlari, sport kostyumlari, trikotaj mahsulotlari, paypoq, ish kiyimlari, ustki kiyimlar uchun astarlar, yumshoq mebel va avtomobillar uchun qoplamalar, gilam mahsulotlari, pardalar, yumshoq o‘yinchoqlar va boshqa narsalar kabi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bosqichida – ish o‘rinlari soni 1,2 mingga yetadi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




