Pokiston yillik 31 milliard dollarlik to‘qimachilik mahsulotlarini asosan Yevropa va AQSh bozorlariga eksport qiladigan hamda to‘qimachilik sanoati keng rivojlangan eng yirik to‘qimachilik davlatlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, davlat GSP+ tizimiga ham ega, global ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilgan va mashhur brendlarga maxsulot yetkazib beradi.
Pokiston bilan ikki tomonlama sohadigi manfaatli hamkorlik o‘zbek to‘qimachilik sanoatiga qanday foyda beradi? Pokiston o‘zbek to‘qimachiligiga raqibmi yoki hamkor?
Shu kunlarda Pokiston to‘qimachilik fabrikalari uyushmasi (APTMA) boshchiligidagi soha vakillaridan tashkil topgan delegatsiyasi tashrif bilan bo‘lmoqda. Tashrif doirasida 2023 yil 6 avgust kuni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va APTMA rahbarlarining muhim uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida to‘qimachilik sanoati sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari va yo‘nalishlari, qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik tarixida muhim qadam bo‘lgan to‘qimachilik sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha Memorandum imzolandi. Bu esa mamlakatlar to‘qimachilik korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlash va takomillashtirish, O‘zbekiston to‘qimachilik klasterlari talablariga muvofiqligini oshirish bo‘yicha hamkorlikda ishlash imkonini beradi.
O‘z tajribasiga asoslanib, APTMA Yevropa Ittifoqi GSP+ kabi murakkab xalqaro barqarorlik talablarini korxonalarga to‘liq tushuntirishda texnik yordamlar ko‘rsatadi. Shuningdek, korxona xodimlarining malaka va ko‘nikmasini oshirish maqsadida, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushma bilan hamkorlikda o‘quv dasturlari va seminarlar tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.
APTMA O‘zbekistonda axborot almashish va hamkorlik bo‘yicha uyushmalar faoliyatida bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladigan vakolatxona ochish rejalari haqida ma’lum qildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




