To‘qimachilik sanoati Respublikamiz iqtisodiyotining jadal sur’atlarda rivojlanayotgan sanoat tarmog‘idir. Sanoat to‘qimachilik mahsulotlari eksporti, hududlarda yangi loyihalarni amalga oshirish, yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish, aholi bandligini ta’minlash va ish o‘rinlarini yaratish, soliq va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lashda yetakchilardan biri hisoblanadi. Ayni damda, to‘qimachilik sanoatida 12 000 ziyod korxona faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, ulardan 2 000 tasi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi a’zolari hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 10 yanvardagi PF-2 son qaroriga muvofiq uyushma tomonidan sohaning eksport salohiyatini oshirish, kiyim-kechak va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish va aholini ish bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
- Ishlab chiqarishda yil oxirigacha 1 million 100 ming tonna tabiiy va 149,5 ming tonnadan ortiq kimyoviy tolalar qayta ishlanishi rejalashtirilgan.
Bunda, joriy yilning birinchi yarim yilligida tarmoq korxonalari tomonidan 523,8 ming tonna tola qayta ishlandi va sanoat mahsulotlarining umumiy hajmi, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan, 2 trillion 864 milliard so‘mga oshib, 43,2 trillion so‘mga teng bo‘ldi, o‘sish sur’ati 107,1 foizni tashkil etdi. Shunga ko‘ra, ip-kalava ishlab chiqarilishi ko‘payib, 447,7 ming tonna (o‘sish sur’ati 106%), gazlama – 413,8 million kvadrat metr (106,2%), trikotaj gazlama – 126,8 ming tonna (107,1%) va paypoq mahsulotlari – 239,6 million juftni (101,1%) tashkil etdi. Yangi turdagi mahsulotlardan: kiyim uchun zamoklar va granuladan tugmalar, ayollar kolgotkalari va ichki kiyimlari, aralash matodan turli tayyor mahsulotlar, yotoq uchun pled va odeyollar hamda boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.
- Birinchi yarim yil ichida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini import qiluvchi davlatlarga Ummon, Kipr, Malta kabi davlatlar qo‘shildi va hammasi bo‘lib dunyoning 50 da davlatiga 1 milliard 620 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Bular ichida hozirgi kunda Yevropa va MDHning qator davlatlatlariga, Latin Amerikaning Gonduras davlatiga, Xitoy, Turkiya va boshqa davlatlarga to‘qimachilik mahsulotlari eksporti yo‘lga qo‘yilgan.
- Investitsiyalarni jalb etishda 2023 yilning 6 oy o‘zida umumiy qiymati 95,2 million dollarlik 15 tadan ortiq yirik loyiha ishga tushirildi, buning natijasida 3500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, sun’iy va aralash ip kalava ishlab chiqaruchi Buxoro viloyatidagi “Siyovush tekstil” va “WBM Romitex”, tola va aralash mato va tayyor mahsulot ishlab chiqarishda Farg‘ona viloyatidagi “Global Textile Infinity” va mato ishlab chiqarishda “Baxodir Log‘on Tekstil”, ip kalava ishlab chiqarishda Toshkent viloyatidagi “TCT Cluster”, tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishda Qarshi shahridagi “Kitob Ip Yigiruv” va Dehqonobod tumanidagi “Dehqonobod Textile” va boshqa loyhalar ishga tushirildi.
O‘tgan davr mobaynida (2017-2022 yy.) Uyushma va tarmoq korxonalari tomonidan umumiy 428 dan ortiq qiymati 3,6 mlrd dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish natijasida 95 000 ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
- 2022-2023 yillar O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘qimachilik sanoatida ijtimoiy muhofaza, ijtimoiy tenglik va javogarlik tamoyillariga mos ravishda rivojlanayotgan sanoat keng e’tirof etildi. Bu borada, Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekistonda rasman Better Work dasturi o‘z faoliyatini boshladi. Shu bilan birgalikda global zanjirga kirish uchun paxta yetishtirishda shaffoflik va barqarorlikga asosan ish olib borish maqsadida Better Cotton tashabbusi 2023 yildan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan hamkorlik qilmoqda. Bu esa Disney, Nike, H&M, Zara kabi yirik brendlarga mahsulot yetkazib berish imkoniyatlarini bir necha barobarga oshirishga imkon yaratadi.
Shuningdek, o‘tgan davrda GIZ, GHERZI, Amfori, Control Union, Peterson Projects, Xenophon Strategies, ACIR, COLOURizd kompaniyalari bilan hamkorlik doirasida sanoat korxonalari uchun seminar va treninglar, konferentsiya va biznes forumlar va boshqa turli tadbirlar o‘tkazildi. Bugungi kunga qadar tarmoq korxonalari orasida jami quyidagi xalqaro standartlar joriy etilgan: ISO 9001/14001/18001/45001/50001 standartiga – 1200 dan ortiq, OEKO TEX – 100, SEDEX – 30, BSCI– 25, GOTS va Organic EU- 8, OCS – 4, CE markirovkasi – 3, GRS – 1 korxonalar egadir. O‘zbekiston uchun yangi – WRAP (Worldwide Responsible Acredited Production) standartlarini 20 dan ortiq korxonalar joriy etish jarayonida. Bu esa Amerika bozoriga kirish va brendlar va AQSh chakana sotuvchilari bilan ishlash imkoniyatini beradi.
Alohida e’tibor mahalliy to‘qimachilik kompaniyalar, brendlarni tashqi bozorda nufuzini oshirish va sours kompaniyalar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratildi. Bu borada 9 mingdan ziyod ishtirokchilarni jalb eta olgan Toshkent to‘qimachilik haftaligi tashkil etilib unda, UztextileExpo xalqaro ko‘rgazmasi, Toshkent to‘qimachilik forumi, biznes tur va seminarlar tashkil etildi. Ilk bor mahalliy korxona rahbarlari uchun merchandayzing, dizayn, rang tanlash, korporativ boshqaruv yuzasidan treninglar o‘tkazildi. Xorijiy OAV vakillari uchun mahalliy korxonalarga press-tur tashkil etilib, Isroil, Polsha, Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Rossiyaning qator nashrlarida o‘zbek to‘qimachilik sanoati islohotlari va yutuqlari keng yoritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tgan dunyoning eng yirik ko‘rgazmalaridan biri Xalqaro to‘qimachilik texnologiyalari ko‘rgazmasida (ITMA2023) ishtiroki xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholandi va O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirishga intilishini ko‘rsatdi.
Shu bilan birga Uyushma va 70 dan ortiq tarmoq korxonalari o‘tgan olti oy mobaynida 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazma va biznes forumlarda ishtirok etishdi. Jumladan, Germaniyaning Frankfurt shahrida bo‘lib o‘tgan Heimtextil uy mahsulotlari ko‘rgazmasi, AQShning Nyu-York shahrida – Texworld USA, Daniya poytaxti Kopengagen shahrida – Global moda sammiti va Gollandiyaning Amsterdam shahrida – Kingpins Show Amsterdam jinsi ko‘rgazmasi, Shveytsariyaning Jeneva shahrida – BMT YEIKning “Yashil iqtisodiyot”ning 70-sessiyasi – bularning barchasi O‘zbekistonning xalqaro ishtirokchi sifatida e’tirof etilganidan dalolatdir. Bundan tashqari, Singapur, Germaniya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Frantsiya, Gruziya, Ozarbayjon, Rossiya, Misr, Yaponiya va boshqa davlatlarda biznes missiyalari va ko‘rgazmalari tashkil etildi. Natijada Sandro, Cottonella, Armonie Intime, Carrera jeans, The North Face Singapore, Chargeurs, Kontoor Brands kabi jahon brendlari bilan ish boshlandi.
Ayni damda xalqaro brendlarni relokatsiya qilish yuzasidan ish olib borilmoqda. Bular jumlasidan, Cottonella, Armone Intime, Teamdress Holding, Langheinrich Vertriebs va boshqalar.
O‘tgan yarim yillikda Uyushmaning Germaniya va Ispaniyada xorijiy vakolatxonalari va savdo uylari tashkil etildi. Shu bilan bir qatorda Germaniyaning Shtutgart shahrida O‘zbekiston va Germaniya to‘qimachilik uyushmalari va korxonalari ta’sischiligida “Barqaror paxta uyushmasi” tashkil etildi va dunyoning mashxur WTIN, F2F, Textil Wirschaft kabi yirik OAV bilan aloqalar o‘rnatildi.
Olib borilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar va Singapur, Qirg‘izston, Germaniya, Italiya kabi xorijiy davlatlar bilan ikkitomonlama aloqalarni jadallashishi natijasida Davlat tashriflari doirasida umumiy qiymati 507,4 million dollarlik 31 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishga kelishib olindi.
To‘qimachilik sohasini isloh qilish va yanada rivojlantirish, klaster tizimini takomillashtirish, eksport faoliyatini jadallashtirish va eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlar borasida 2017-2023 yillarda 20 tadan ortiq Prezident va Vazirlar Mahkamasi farmonlari, qarorlari, protokollari tasdiqlandi va ishga tushdi, ijrosi ta’minlandi.
Xulosa o‘rnida yana raqamlarga murojaat qilamiz. To‘qimachilik mahsulotlari eksporti jihatidan yil yakuniga 4,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, bunda sanoat mahsulot ishlab chiqarish hajmlari 88 trln 370 mlrd so‘mga yetkaziladi va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi 54,9%ni tashkil etadi.
2023 yil oxirigicha to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida 74 ta umumiy qiymati 897,4 million AQSh dollariga teng yirik loyihalar amalga oshirilishi natijasida 23 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, eksport salohiyati 328,4 million AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, avgust oyida Germaniyaga o‘zbek to‘qimachiligi delegatsiyasi tashrifi, sentyabr oyida TTME ko‘rgazmasi, oktyabr oyida Toshkent to‘qimachilik haftaligi, noyabr oyi boshida Xitoyda ITMF xalqaro konferentsiyasida O‘zbekiston kompaniyalari ishtiroki kabi yirik soha voqealari kutilmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




