2022-yil noyabr oyida O‘zbekistonda BCI dasturi rasmiy ishga tushdi. Dastur paxtachilik sohasida majburiy mehnat amaliyoti xavfini bartaraf etish uchun bozor imtiyozlari bilan barqaror paxta yetishtirish standartlari tizimini ishlab chiqish va joriy etish orqali respublikada paxta yetishtirish amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan.
Bu borada, 27 mart – 7 aprel kunlari Chelsi Reynxardt boshchiligidagi BCI dasturi delegatsiyasi tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari Federatsiyasi, IFC hamda Control Union vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, BCI dasturi tomonidan 2022-2023 yillardagi paxta mavsumida litsenziyalashni baholash va munosib mehnat sharoitlarini monitoring qilish natijalarini muhokama qildilar. Shuningdek, delegatsiya monitoring o‘tkazish maqsadida BCI dasturi doirasida 6 ta pilot paxta-to‘qimachilik klasterlariga tashrif buyurdi.
Shu bilan birga, 2023 yil 3 aprel kuni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida uning rahbariyati bilan uchrashuvda 2022 yilgi baholash natijalari va kelajakda hamkorlik qilish va O‘zbekistonda BCI dasturini rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. BCI standartlari va sifatni ta’minlash bo‘yicha direktori Chelsi Reynxardt Better Cotton V2.0 standartining yangilanishini va agronomik qismda sezilarli yutuqlarga erishishini, shuningdek sug‘orish tizimlarining samaradorligini ma’lum qildi, ammo klasterlar o‘z-o‘zini baholashning shaffofligi va haqqoniyligini oshirish bo‘yicha ishlash zarurligini qo‘shimcha qildi (self-assessment).
Bundan tashqari, Chelsi Reynxardt XMT bilan birgalikda klasterlar salohiyatini oshirish (capacity – building), O‘zbekistonda yangi tekshirish quvvatlarini yaratish (building new verifying capacity) va munosib ish monitoringini diversifikatsiya qilish rejalarini taqdim etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar 2023 yil may oyida ta’minot zanjiri bo‘yicha Better Cotton vebinarida ishtirok etishga kelishib oldilar.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




