O‘zbekistonning iqtisodiy rishtalari so‘ngi yillarda jadal rivojlanib kelayotgan vaqtda Respublikamiz Prezidentining Saudiya Arabiston Podshohligiga tashrifi ushbu davlat bilan savdo aloqalarini kengaytirishga qaratilmoqda.
Xususan, to‘qimachilikda hamkorlikni mustahkamlash maqsadida, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ko‘magida Saudiya Arabistonning Ar-Riyod shahriga 19–24 mart kunlari 18 ta soha korxonalari vakillari delegatsiyasining tashrifi amalga oshirilmoqda.
Tashrif davomida Ar-Riyod shahri Savdo-sanoat palatasida ikki davlat to‘qimachilik sanoati hamda uyushma va Namangan hokimligi vakillari ishtirokida biznes-forum va o‘zbek mahsulotlarining mini ko‘rgazmasi hamda “InterContinental Hotels Group” rahbariyati bilan muzokaralar tashkil etildi.
Forum doirasida o‘tkazilgan muzokaralar, V2V uchrashuvlar, shuningdek, “InterContinental Hotels Group” bilan muhokamalar natijasida qator kelishuvlarga erishildi.
Xususan, arabistonlik bayer va riteylerlar ko‘rgazmada namoyish etilgan “Art soft tekstil”, “Sam Rafoat tekstil”, “Aisha Xom Tekstil”, “To‘qimachi sanoat tekstil”, “Namangan paxta teks”, “Nil Granit”, “Afrosiyob djins” korxonalarining momiq sochiqlar, uy tekstili, jinsi matolari, exrom va boshqalar kabi tayyor mahsulotlarga katta qiziqish bildirishdi va hamkorlik bo‘yicha dastlabki kelishuvlar natijasida, umumiy hisobda, 4,6 mln dollarlik savdo shartnomalari imzolanishiga erishildi.
Shu bilan birga, Ar-Riyod shahri Savdo-sanoat palatasi hamda Ar-Riyod to‘qimachilik qo‘mitasi vakillari o‘zbek to‘qimachilik sanoati bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistanga muqaddas Ramazon oyidan so‘ng tashrif buyurishlarini va o‘zbek mahsulotlarini Saudiya Arabiston bozorlariga keng kirib kelishida o‘zining amaliy yordam berishini bildirdilar.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




