Organik paxta va undan tayyorlangan ip-kalavaning qiymati baland. Bunga Buxoro viloyati Olot tumanidagi «Parvoz Xumo Ravnaq Trans» mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari o‘z tajribalari misolida ishonch hosil qildilar.
Gap shundaki, mazkur MCHJ negizidagi “HAJ TEX group” korxonasi tomonidan uch ming gektar yerda ilk bor organik paxta yetishtirilgan edi. Taniqli selektsioner olim Auxat Battalov yaratgan va yillar sinovidan o‘tgan «Buxoro -6» g‘o‘za navi bu borada ham o‘zining eng yaxshi xususiyatlarini namoyon etdi. Natijada ushbu organik paxta GOTS xalqaro standarti doirasida sertifikatlandi. Bu hujjat paxtani yetishtirishdan tortib, uni tayyor mahsulotga aylantirishgacha bo‘lgan jarayon tamoman organik tarzda amalga oshirilishini kafolatlaydi. Korxona buning samarasida mahsulotini, aniqrog‘i, ip-kalavani Yaponiyaga ikki baravar qimmat narxda sotishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu dalil organik paxta yetishtirish jahon bozoriga kirish imkoniyatini kengaytirishini, qo‘shimcha qiymatli milliy mahsulot ishlab chiqarish sari yo‘l ochishini ko‘rsatadi. U tuproq tarkibining yaxshilanishiga, atrof-muhit tozaligiga xizmat qiladi. Chunki g‘o‘za zaharli ximikatlarsiz faqat mahalliy o‘g‘it bilan oziqlantiriladi. Bunday paxtani qayta ishlash jarayonida tayyorlangan mahsulotlar esa ekologik toza sanaladi. Qolaversa, dunyoda bunday tabiiy, xavfsiz xo‘jaligi mahsulotlariga talab oshib borayotganini e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi.
Darvoqe, “CONTROL UNION” xalqaro sertifikatlash tashkiloti «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz paxta – to‘qimachilik klasterlarida yetishtirilgan organik paxtani sertifikatlashtirish ishlarini olib bormoqda, tashkil etilayotgan seminarlarda agronom, entomolog, oilaviy pudratchi va boshqa mutaxassislar organik paxta yetishtirishga oid zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lyaptilar.
Ma’lumot tariqasida yana shuni ta’kidlash lozimki, “BCT CLUSTER” xorijiy korxonasi tarkibiga kiruvchi “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS ” mas’uliyati cheklangan jamiyati Buxoroda ilk bor organik paxta yetishtirishni yo‘lga qo‘ygandi.
Istam IBROHIMOV, «Xalq so‘zi»
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




