“Jahon to‘qimachilik bozorida yangi muvozanat – yangi ishtirokchilar va tendentsiyalar” mavzuida bo‘lib o‘tgan Toshkent to‘qimachilik sammiti AQSh, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Osiyo, Afrika va MDH davlatlarining 300 dan ortiq dunyoda taniqli brendlari, riteylerlari, kompaniyalari va uyushmalari rahbarlarini bir maydonga birlashtirdi.
Unda asosan mamlakatimizda sohada amalga oshirilgan loyihalar va o‘tkazilayotgan islohotlar bo‘yicha yilning dastlabki yakunlari sarhisob qilindi. Sammitda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida ta’kidlab o‘tganidek, bugungi kunda respublikamiz milliy to‘qimachilik mahsulotlarini dunyo bozoriga olib chiqish hamda investitsiya va eksport salohiyatini kengaytirish, xorijiy investorlar va savdo kompaniyalari uchun qulay sarmoyaviy muhit yaratilgan.
Muayyan yillar oldin O‘zbekiston paxta xom ashyosini eksport qiladigan yirik davlatlardan biri bo‘lib, yillik eksport tushumi 1 milliard dollar atrofida bo‘lgan. Hozir keng miqyosli islohotlar natijasida yurtimiz qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlarni eksport qilmoqda. Jumladan, 2021 yilda 3,0 mlrd. dollar yoki paxta xom ashyo sifatida eksport qilingan davrga nisbatan 3 barobardan ortiq eksport ko‘lamiga erishildi. Muhim xalqaro hamkorlar bilan muzokaralarda to‘qimachilik sanoati iqtisodiyotimizning o‘sish nuqtasi va drayverlaridan biriga aylanganligi haqidagi e’tiroflarni kuzatish mumkin. Bunga 2020 yilda AQSh Savdo vakili (USTR) O‘zbekistonning mehnat huquqlarini ta’minlash mezoni bo‘yicha AQShning Preferentsiyalar bosh tizimiga (GSP) muvofiqligini e’lon qilganligi, Yevrokomissiya tahlillari asosida O‘zbekiston “GSP+”ga qatnashish mezonlariga javob beradi degan xulosaga kelinganligi yaqqol misoldir.
Joriy yilda respublikamiz uchun eng katta voqea “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan paxta “boykot”ining bekor qilinishi bo‘ldi. Bu O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirishda yangi bosqichga ko‘tarilishning boshlang‘ich nuqtasi, ya’ni, sondan sifatga o‘tayotganimizni anglatadi. Bundan tashqari, to‘qimachilik sohasidagi xalqaro tan olingan ko‘plab brendlar vakillari bilan uchrashuvlar davomida berilgan taklif-tavsiyalardan kelib chiqqan holda “yo‘l xaritasi” qabul qilingan. Unda to‘qimachilik korxonalarida texnik va ishlab chiqarish standartlarini keng joriy etish, qiymat zanjirida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ekologik muammolarga olib keluvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, to‘qimachilik chiqindilarini qayta ishlash tizimini takomillashtirish hamda sohadagi xodimlar huquq-manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalalari o‘z aksini topgan. Shuningdek, xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda mehnat munosabatlari sohasidagi “Better Work” va “BCI” xalqaro standartlarini joriy etish bo‘yicha ham faol ish olib borilmoqda.
Tadbirda Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi bosh direktori Kristian Shindler, BMT YEIKning loyiha koordinatori Mariya Pizani, “Grosso Moda NL B.V.” brendining ishlab chiqarish direktori Lars Ablas, WRAPga bosh menejeri May Xong, “Control Union Holding” kompaniyasi nazorat direktori Yoxan Maris, “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov va boshqalar ushbu sanoatda xalqaro va milliy tajribaning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tishdi. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati vakillari tomonidan GHERZI xalqaro konsalting kompaniyasi mutaxas- sislari bilan birgalikda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga nisbatan mustaqil bahoni aks ettirgan “Uzbekistan Textile Reference Report” hisoboti taqdim etildi. Ta’kidlanishicha, mustaqil ekspertlar olib borgan marketing tadqiqotlari to‘qimachilik sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqqan investorlar va brendlarga yangi tendentsiyalar va yangilangan to‘qimachilik sanoatini to‘liq kashf qilish imkonini beradi. BMT YEIKning 2024 yilgacha O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida barqaror raqamli savdodan foydalanish bo‘yicha korxonalar salohiyatini oshirishga oid yangi loyiha taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Ushbu loyihaning maqsadi milliy korxonalarni ishlab chiqarish va mahsulotlarni raqamlashtirish orqali jahon bozoriga jalb etishga qaratilgan. Sammit O‘zbekiston to‘qimachilik tarmog‘ining mavjud hamda hali ishga solinmagan salohiyatini ko‘rsata oldi, kelgusida o‘sish va rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochishda muhim qadam bo‘ldi.
Muzaffar Razakov – “Global Textile Group” kompaniyasi rahbari:
— Faoliyatimiz 2017 yilda boshlangan bo‘lsada, uning g‘oyasi chet elda o‘qib yurgan paytimda tug‘ilgan. Yurtga qaytib bu yerda yaratilgan sharoitlar tufayli dastlab yigiruv fabrikasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydim, keyinchalik 10 ta korxonani o‘z ichiga birlashtirgan klaster tizimiga o‘tdik. Hozir paxta yetishtirishdan tor- tib, ip-kalava va tayyor kiyimlar ishlab chiqarayapmiz. Kompaniyada 3500 nafar ishchi ishlaydi. Yil oxirigacha Farg‘ona viloyatida yangi korxonamiz ishga tushirilishi natijasida ishchilar soni 7 ming nafarga yetkazilishi kutilmoqda. Mahsulotlarimizning 99 foizi Yevropaga eksport qilinadi. Milliy brendni mahalliy bozorga chiqarish arafasidamiz. Dizayn markazimiz orqali dunyoning kuchli brend egalari bilan birga ishlayapmiz, ular ishlab chiqarish tsexida, hatto dalada ishlaydigan ishchilarimizning chet tilida gaplasha olishidan hayratda qolishadi. Lekin, sohada mutaxassis yetishtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba hamda amaliyot almashishga hali ehtiyojimiz bor. Shuning uchun tadbirda berilgan ma’ruza qilish imkoniyatidan foydalanib, kompaniyamiz haqida taqdimot qildim, qanday qilib nimalarga erishganimiz, dunyo bozorida raqobat qila olish salohiyatimiz xususida gapirib, chet ellik soha vakillarini hamkorlikka chaqirdim. Ayniqsa, eng zamonaviy axborot texnologiyalari, sotuv va marketing yo‘nalishlari uchun mutaxassislar tayyorlash borasida sherik topish niyatida ekanligimni aytdim. Chunki, xorijiy iste’molchilar QRra ega hamda chiroyli qadoqlangan mahsulotni xohlashayapti. Ma’ruzamdan keyin bir qator davlatdan kelgan ishtirokchilar birinchidan, faoliyatimizga xayrixoh bo‘lishdi, ikkinchidan, yonimga kelib birgalikda ishlash niyatlarini bildirishdi, masalan, hindistonlik vakillar bilan muzokara olib borishga kelishib oldik.
Sammit doirasida professional tarzda ko‘rgazma ham tashkil etildi. Unda o‘zbek to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati vakillarining mahsulot ishlab chiqarishdagi barcha kuchli tomonlarini namoyish eta olganiga guvoh bo‘ldik.
Bobur Abdullaxayev – “Barkeas teks group” kompaniyasining marketing bo‘limi rahbari:
— Kompaniyamiz Namangan viloyatida joylashgan bo‘lib, buyurtmaga muvofiq faqat sochiq va momiq sochiq ishlab chiqa- rishga yo‘naltirilgan. Jami 3 mingdan ortiq aholi bandligini ta’minlaganmiz. Germaniya, Italiya, Estoniya, Rossiya, Qo- zog‘iston, Belarus, Moldova kabi davlatlarga yiliga 30 mln. AQSh dollari miqdoridagi mahsulotni shartnoma asosida eksport qilamiz. Paxta tolasini birja orqali sotib olamiz. Kimyoviy qo‘shimchalar, bo‘yoqlar esa Germaniyadan olib kelinadi, Italiya, Germaniya, Turkiya, Yaponiya uskunalaridan foydalanilgani bois mahsulotimiz sifati Yevropa talabiga to‘liq javob beradi. Kelgusida kompaniyamiz faoliyatini kengaytirish niyatidamiz, ya’ni, 2023 yil boshidan paxta tolasidan kiyim-kechak tayyorlovchi korxonani ishga tushirishni, ishchilar sonini 1000 taga oshirishni rejalashtirganmiz. Ko‘rgazmaning birinchi kunidayoq mahsulotlarimizga nisbatan qiziqish katta bo‘ldi. Frantsiyalik va germaniyalik mijozlar bilan hamkorlik yuzasidan kelishuvga erishdik, rossiyalik vakillar bilan esa tegishli shartnomani imzoladik.
Birja gazetasi, Oydin LATIPOVA.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




