15-16 sentabr kunlari 14 davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilayotgan SHHTning navbatdagi majlisi munosabati bilan O‘zbekiston butun dunyoning diqqat markaziga aylanadi.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti juda katta geografik hududni va dunyo aholisining qariyb yarmini birlashtirgan dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir.
SHHTga a’zo davlatlarning asosiy g‘oyalari va o‘zaro munosabatlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari bilan ifodalash mumkin: “SHHT muvaffaqiyati kontseptsiyasi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p qirrali hamkorlikni ta’minlashdan iborat. Aslida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida ajratilgan chiziqlarsiz, tortish qutbiga aylanishga da’vat etilgan”.
SHHTga a’zo davlatlar bilan hamkorlik to‘g‘risidagi faktlar:
SHHTga a’zo davlatlarning tashqi savdo aylanmasi (BMT Trade Map xaritasining statistik ma’lumotlariga ko‘ra), 2021 yil uchun 8,3 trillion dollarni tashkil etdi.
Eksport – 4 trillion 98 milliard dollar, shu jumladan, to‘qimachilik mahsulotlari – 336 milliard dollar;
Import – 3 trillion 444 milliard dollar, shu jumladan to‘qimachilik mahsulotlari 63,9 milliard dollar.
O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining importdagi ulushi –
2021 yil uchun – 1 470,6 mln dollar, 2022 yilda $2 134,7 mln dollarni, 2022 yilning yanvar-avgust oylari uchun esa – 1,6 mlrd dollarni tashkil etdi.
Aytish mumkinki, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Rahnamoligida mamlakatimiz to‘qimachilik sanoati ham sifat, ham miqdor jihatdan yuksalib, respublika iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylandi.
Oxirgi besh yil davomida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Hukumatlararo kelishuvlar asosida SHHTga a’zo mamlakatlarning barcha asosiy to‘qimachilik korxonalari, jumladan: xitoylik hamkorlar – CNTAC, CCCT, Rossiyadan – Minpromtorg, “Soyuzlegprom”, Belarusdan – “Bellegprom” kontserni, Qirg‘izstondan – “Qirg‘izlegprom”, Qozoqstondan – “Kazaklegprom”, Tojikiston To‘qimachilik sanoati vazirligi, Hindistondan – To‘qimachilik vazirligi va CITI (Hindiston to‘qimachilik ishchilari konfederatsiyasi), Pokistondan – APTMA (Pokiston to‘qimachilik ishchilari uyushmasi) va boshqa to‘qimachilik kompaniyalari. “Yo‘l xaritalari” doirasida SHHTning 6 ta davlati bilan ish olib borilmoqda.
2021-yilda O‘zbekistondan SHHTga a’zo mamlakatlarga to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 1,4 milliard AQSh dollarni tashkil etdi. SHHTga a’zo mamlakatlar investorlari ishtirokida umumiy qiymati 854,6 million dollarlik 47 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi, 7300 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar hududida turli to‘qimachilik tashkilotlari, kompaniya va korxonalarining 65 dan ortiq savdo uylari faoliyat yuritmoqda.
Samarqandda bo‘lib o‘tadigan mazkur sammit katta o‘zgarishlar nuqtasi bo‘lishi va “umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik tamoyillariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni qanday boshlash kerakligi”ning namunasi bo‘lishi kutilmoqda. “Samarqand aynan turli tashqi siyosat ustuvorliklariga ega bo‘lgan davlatlarni birlashtirib, murosaga keltira oladigan platformaga aylana oladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




