Shu kunlarda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bir qator xorijiy brend, riteyler va kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, 2022 yilning 9 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining Frantsiyadagi elchisining maslahatchisi M. Turayev yordamida va O‘zbekistonning mahalliy to‘qimachilik korxonalari vakillari ishtirokida “Carrefour Global Sourcing” kompaniyasining savdo bo‘yicha direktori Djaxirul Islam bilan uyushma raisining birinchi o‘rinbosari M. Sultanov onlayn uchrashuv o‘tkazdi.
“Carrefour Global Sourcing” kompaniyasi vakillari kompaniya faoliyati va Osiyodagi ofisi (Bangladeshda joylashgan) haqida taqdimot namoyish etdi. Shuningdek, korxona logistikada mavjud muammolarni o‘rganib chiqqanligi va hozirda ushbu muammolarga yechimlar taklif qilinayotganligini ta’kidlab, uchrashuvda ishtirok etayotgan korxonalarga hamkorlik uchun tayyorligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida M. Sultanov Uyushma faoliyati va O‘zbekiston to‘qimachilik sohasi haqida ma’lumot va yaqin kelajakdagi rivojlanish istiqbollarini taqdim qildi.
O‘zbekistonda to‘qimachilik industriyasi erishgan natijalari bilan yaqindan tanishish uchun frantsuz kompaniyasi vakillari joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan “Tashkent Textile Forum” forumi va “Uzbekistan Textile expo 2022» ko‘rgazmasiga tashrif buyurishga taklif etildi.
Shu bilan birga, xorijiy hamkorlarni 10 dan ziyod, “Urban Style”, “Bonito kids”, “Khantex Group” kabi mahalliy korxonalar o‘z faoliyati va mahsulotlari bilan tanishtirdi va frantsuz kompaniyasi vakillarida katta qiziqish uyg‘otib, korxonalar haqida batafsil ma’lumot va kontakt ma’lumotlarni taqdim etishni so‘raldi.
Uchrashuv natijalariga ko‘ra, “Carrefour Global Sourcing” kompaniyasi tomonidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish shartlari jamlangan taqdimot taqdim qilinishi ta’kidlandi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




