Janubiy Koreya delegatsiyasining safar dasturi turli xil tashriflarga boy bo‘ldi.
Jumladan, 2022 yil 11 avgust kuni boshida delegatsiya O‘zbekiston tarixi bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan «Temuriylar» muzeyidagi «Temuriylar» tarixi bilan yaqindan tanishish imkonidan foydalanishdi. Kyonsan-Pukto provintsiyasi Koreyaning eng qadimiy shahar bo‘lganligi bois, uning Hukumati uchun bu yo‘nalish juda ham ahamiyatli ekanligi aytib o‘tildi va delegatsiya vakillarida katta taassurotlar qoldirdi.
Shu bilan birga, dasturga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrifi davomida vazir I.Abduraxmanov bilan muzokaralardan so‘ng, Koreya hukumati vakillari uchun vazirlik binosi va uning qoshidagi “INNO” Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparki bo‘ylab sayohat uyushtirildi va qishloq xo‘jaligi, og‘ir va yengil sanoat innovatsion yangiliklari bilan tanishtirildi. Namoyish etilgan bioishlanmalar, turli dorivor o‘simliklardan ishlab chiqarilgan iste’mol mahsulotlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Uchrashuv so‘ngida “INNO” texnoparki va Gyeongbuk TechnoPark “GBTP” o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Tushlik vaqti ham ikki tomon uchun besamar ketmadi. Koreys tarafi taklifiga ko‘ra, tushlik Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari S. Safoyev, Maktabgacha ta’lim vaziri A. Shin, Koreya Madaniy Markazi uyushmasi raisi V. Pak ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiya tarkibida hokimlik vakillari ham bo‘lgani bois, Toshkent viloyat hokimi Z.Mirzayev bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda turli masalalar, jumladan, Koreya Respublikasi tajribasiga asoslanib, uzoq qishloq hayotini yaxshilash, tog‘ oldi turizmini rivojlantirish bo‘yicha masala ham muhokama qilindi. Hozirgi kunda Toshkent viloyat hokimligi tomonidan Koreyaga mutaxassislar tayyorlash dasturi asosida barcha sohada kichik guruhlar yig‘ilayotgani ma’lum qilindi. Uchrashuv so‘ngida ikki tomonlama hamkorlik va Toshkent viloyati va Kyonsan-Pukto provintsiyasi o‘rtasida qardosh shaharlar bitimi imzolandi.
Kun oxirida Koreya Madaniy Markazi uyushmasi raisi V.Pak bilan amaliy uchrashuvidan so‘ng mahalliy koreys diasporasi tomonidan koreys madaniyatiga bag‘ishlagan kontsert dasturi tashkil etildi, va Markaz faoliyati bilan tanishildi.
Gubernator Li Chol Vu O‘zbekistonda koreys xalqiga ko‘rsatilayotgan e’tibordan juda ham mamnun ekanligi, o‘zbek va koreys xalqlari geografik uzoqda joylashgan bo‘lsada, qalban yaqinligini ta’kidladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




