2022-yil 26-iyul kuni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi rahbariyati – nazorat va inspektsiya sohasida 60 ta davlatda faoliyat yurituvchi – Wakefield Inspection Services (WIS) xalqaro kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
WIS vakili kompaniya amalga oshiradigan – hosildorlikni oshirish, tuproqning sifati, tuzilishi va biologik faolligiga ta’sir ko‘rsatish uchun tuproq tadqiqotlarini boshqarish laboratoriyasini tashkil etish, shuningdek, paxta nazorati, paxta tolasidan proba va namuna olish, markirovkalash, jo‘natishdan oldin tekshirish, HVI testi, audit va boshqalar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash borasidagi – ish rejalari bilan tanishtirdi.
Shuningdek, paxta sanoatiga foyda keltiradigan global va mintaqaviy tashabbuslardan xabardor bo‘lish va ularni ilgari surish uchun Wakefield Inspection Services kengashi a’zosi va Osiyodagi vakolatxona rahbari – Piter Veykfild “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasini Xususiy Sektor Maslahat Kengashi (PSAC) qo‘mitasiga a’zo bo‘lishni taklif qildi. Ushbu ko‘mita Paxta bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasining (ICAC) bo‘linmasidir hamda uning a’zolari to‘rtta komissiyadan birida birlashgan, paxta to‘qimachilik yetkazib berish zanjirining barcha tarmoqlarini taqdim etadi.
Ma’lumot uchun: ICAC Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi paxta va paxta to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro organ sifatida faoliyat yurituvchi ishlab chiqaruvchi mamlakatlar hukumatlari, paxta iste’molchilari va savdogarlarining birlashmasi hisoblanadi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




