Hammamiz sevib tomosha qiladigan bir film bor. Necha yillardir-ki, sayqalini, mazmunini yo‘qotmaydi. Bu «Mahallada duv-duv gap» filmidir. Oramizda bu kinoni qiziqib ko‘rmagan, so‘zlari yod bo‘lib ketsada, qayta-qayta tomosha qilmaydiganlar topilmasa kerak. Filmdagi bir epizodni eslatamiz. Bosh qahramon Umarning sevgan qizi bo‘lajak qaynotasiga shartta-shartta kamchiliklarini aytadi. Shunda qaynota qizga qarata: «Yaxshiyam yengil kavaleriya ekansizlar…», deydi ensasi qotib….
Bu voqeani bekorga eslamadik. Boisi, bugun o‘sha «Yengil kavaleriya» deb aytilgan gap, aniqrog‘i, sohaga yuksak e’tibor qaratildi. Mustaqillikka erishdik, o‘z erkimiz o‘z qo‘limizda. Barcha tizimlarni rivojlantirishga keng imkoniyat va imtiyozlar berilyapti. Shu ma’noda, yengil sanoatni rivojlantirish, to‘qimachilik mahsulotlarini eksportbop qilib ishlab chiqarilishiga davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifa etib belgilanishi ish o‘rinlarining ko‘payishi, aholining farovon turmush darajasi oshirilishiga ham qaysidir ma’noda xizmat qilmoqda.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining keng ko‘lamda faoliyat olib borayotgani jahon sahnida o‘zbek sanoati, to‘qimachiligi qay darajada taraqqiyot sari ildamlayotganidan darak. Shu o‘rinda, «Aslida uyushmaning faoliyati nimadan iborat?» degan savol tug‘ilishi tabiiy. Keling, shuni ozgina tushuntirib o‘tamiz.
Birinchidan, xom ashyoni qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotni ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha yagona kompleks sifatida, shu jumladan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik mahsulotlari ichki, tashqi bozorlarda tadqiqotlar o‘tkazish asosida tarmoqni barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish.
Ikkinchidan, to‘qimachilik sanoati korxonalarining faoliyatiga innovatsion texnologiyalar, jumladan, dizaynerlik ishlanmalari, nou-xau, sifat menejmenti tizimlari va zamonaviy marketing xizmatlari keng joriy etilishini ta’minlashdan iborat. Shu yerda birozgina mulohaza qiling. Agar to‘qimachilik sanoati korxonasi uyushmaga a’zo bo‘lmay, yakka o‘zi faoliyat yuritsa ham, bu imkoniyatlardan foydalanishi mumkin. Ammo uyushmaga a’zo bo‘lsa, bunday imkoniyat hamda imtiyozlar eshigi tez va qulay ochiladi.
Yana bir imkoniyat shundaki, ichki bozorni yuqori sifatli mahalliy to‘qimachilik mahsulotlari bilan to‘ldirish va uning eksport geografiyasini, shu jumladan turli axborot resurslarida hamda mamlakatdagi va xorijdagi ko‘rgazma tadbirlarida milliy brendlarni yo‘naltirishni ilgari surish va to‘qimachilik sanoati korxonalarining salohiyatini namoyish qilish orqali kengaytirish bo‘yicha tizimli kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish. Bunda albatta, uyushmaning ko‘magi va maslahati suv va havodek zarur bo‘ladi.
Uyushmaning yana bir qulaylik tomoni shundaki, to‘qimachilik sanoatiga chet el investitsiyalarini faol jalb qiladi. Muhimi, shu yo‘l orqali logistika va muhandislik infratuzilmasi ham takomillashtiriladi. Bundan tashqari, to‘qimachilik sanoati korxonalari, paxta-to‘qimachilik klasterlarini hududlar salohiyatining yanada rivojlantirish istiqbollaridan, xom ashyo bazasi, infratuzilmasi, mehnat resurslari va bozorlarning mavjudligidan kelib chiqib, joylashtirishiga ko‘maklashadi. Tarmoqning zamonaviy rivojlantirish tendentsiyalarini hisobga olgan holda to‘qimachilik sanoati sohasida kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni va ularni tayyorlashning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlaydi. Mutaxassislarni tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtiradi. Ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish, sohaning jadal rivojlanishi, to‘qimachilik sanoati korxonalarining barqaror faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash, bartaraf etish, qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Yana shuni unutmang-ki, to‘qimachilik sanoati korxonalariga menejment va huquqiy-shartnoma masalalari bo‘yicha ko‘maklashish, sanoatni modellashtirish, reklamani tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish ishlari ham aynan faoliyatning asosiy mezonlariga kiradi.
Eng muhimi, uyushma a’zolarining huquq va manfaatlarini ko‘zlagan holda sudlarga ariza bilan murojaat qilish hamda davlat organlari, boshqa tashkilotlar qarorlari, ushbu organlar mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish yo‘li bilan himoyani amalga oshiradi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Yuridik va shartnomalar bilan ishlash boshqarmasi Nizomida shunday mazmundagi fikrlar keltiriladi:
Uyushma xodimlarining kasaba uyushmalari va boshqa vakillik organlarida vakolatlarini amalga oshirishda yuridik yordam ko‘rsatadi;
tarmoqni izchil rivojlantirish va to‘qimachilik sanoati korxonalarining barqaror faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni tizimli tahlil qilib borish, ushbu sohada ma’lumotlar bazasini yuritish, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf qilish, shu jumladan qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
tarmoqni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar qarorlari, ushbu organlarning harakatlari (harakatsizligi) holatlari yuzasidan ma’lumotlar bazasini yuritish, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha huquqiy hujjatlar tayyorlash, sudlarga da’vo arizalari kiritish, ishlarni sudlarda ko‘rib chiqish va dalillar taqdim qilishda ishtirok etadi;
– to‘qimachilik sanoati korxonalari va tashkilotlariga qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori sifatli mahsulotlarni yagona “Uztextile” belgisi bilan eksport qilishga amaliy yordam ko‘rsatadi;
shartnomaviy-huquqiy va talabnoma da’vo ishlarini yuritish, Uyushmaning mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 oktyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishi 78-son bayoni bo‘yicha qo‘yilgan talablardan kelib chiqib intellektual mulk ob’yektlarini himoya qilish, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra patentlangan mahsulotni ruxsatsiz tayyorlash, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish patent egasi mutlaq huquqining buzgan holda foydalanayotgan shaxslar yetkazilgan zararning o‘rnini qonun hujjatlariga muvofiq qoplashlari bo‘yicha korxonalarga huquqiy ko‘maklashish.
Yuqoridagilarning o‘ziyoq uyushmaning afzallik va qulaylik tomonlarining qanchalik ahamiyatli ekanligini bildirmaydimi?! Faqat buni o‘z vaqtida anglab yeta olsak, kifoya. O‘zimiz uchun faqat manfaatli tomonlarni olamiz, xolos.
O‘z-o‘zidan ayonki, tobora chuqurlashib borayotgan islohotlar natijasida erishiladigan o‘ta muhim o‘zgarishlar hech qachon bir kunda, kimningdir buyrug‘i yoki xohishi hisobidan bo‘lmaydi. Buning uchun albatta vaqt kerak, eng asosiysi – bu islohotlarning mazmuni va maqsadlarini jamiyatimiz, xalqimiz chuqur anglab olishi va qo‘llab-quvvatlashi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Takror aytishga to‘g‘ri keladi – faqatgina xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi har qanday islohotlarga kuch beradi.
Oddiygina so‘z bilan bayon etganda, xalqimizda shunday ibratli maqol bor:
Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham, dong‘i chiqmas…
Garchi oddiygina maqol bo‘lsada, zamirida ulkan ma’no mujassam. Ahillikda hikmat ko‘p, ko‘pni yengish qiyin. Shu ma’noda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga a’zo bo‘lish foydadan aslo xoli emas. Shu orqali imkoniyat va imtiyozlaringizni yanada kengaytirib olasiz, degan fikrdaman.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi yuridik va shartnomalar bilan ishlash boshqarmasi yuriskonsulti Dilmurod Qodirov
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




