O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan bir qator xorijiy investorlar bilan xususan, “Silverleaf International” kompaniyasi asoschisi Den Patterson va “Indorama” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Alok Loxiya bilan videokonferentsiya orqali muzokara o‘tkazdi.
D.Patterson bilan kechgan muloqot chog‘ida Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi paxta klasterining joriy faoliyatiga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Klasterda O‘zbekistonda birinchi marta paxtani o‘stirish va terish jarayoni to‘liq mexanizatsiyalashdi va suv tejaydigan texnologiyalar joriy etildi. Ayni payt 11,7 ming gektar maydonga ega klaster hududida 125 ta ilg‘or qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanilmoqda, “Pulsar” tizimi joriy etilgan. Natijada suv sarfi sezilarli darajada kamayib, hosildorlikni 20 foiz oshirish imkonini bermoqda.
Muzokaralarda yetakchi xorijiy brendlar buyurtmasi asosida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish orqali klasterni yanada kengaytirishning amaliy jihati muhokama qilindi. Buning uchun kompaniya O‘zbekistonda biznes yuritishning yuqori ijtimoiy va ekologik me’yorlarini joriy qilmoqda.
“Indorama” rahbariyati bilan suhbat chog‘ida kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiyaviy faoliyati ko‘lami kengayib, hamkorlik samarasi ortib borayotgani ta’kidlandi – 2011 yilda singapurlik investorlar ko‘magida Qo‘qonda ip yigiruv fabrikasi barpo etildi, bunda xorijiy investitsiya hajmi 130 million dollarni tashkil etdi.
Korxona tomonidan Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida umumiy maydoni 100 ming gektarga yaqin paxta va to‘qimachilik klasteri yaratish hamda Qo‘qon superfosfat zavodini modernizatsiya qilish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Muloqot chog‘ida tomonlar “Indorama” kompaniyasining O‘zbekistondagi investitsiyaviy dasturi ijrosini jadallashtirish bo‘yicha keyingi rejalar to‘g‘risida kelishib oldilar.
Shuningdek, paxta yig‘im-terimi kampaniyasiga oid masalalar muhokama qilindi – hozirgi bosqichda 32 ming nafar terimchi paxta yig‘im-terimiga yakka tartibdagi shartnoma asosida jalb etilgani, kampaniyaga oid barcha ma’lumotlar keyinchalik inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda paxta yig‘im-terimi jarayonini audit qilish uchun qayd etilayotgani ta’kidlandi.
Yaqin kelajakda kompaniya maxsus uskunalar yordamida hosilni qisqa vaqt ichida yig‘ishtirib olish imkonini beradigan to‘liq mexanizatsiyalashgan terimga o‘tishni rejalashtirmoqda. “Indorama” rahbariyatining fikricha, paxtachilik sohasida zamonaviy xalqaro standartlarni amalda joriy etish xorijiy brendlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatini shakllantiruvchi eng muhim omillardan biri hisoblanadi.
Muzokaralar yakunida xorijiy investorlarga loyihalarni amalga oshirish va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda har tomonlama yordam ko‘rsatilishi kafolatlandi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




