Sirdaryo viloyatida suv toshqini oqibatida talofat ko‘rgan tumanlarda yangi to‘qimachilik sanoati korxonalari ish boshlash arafasida. 2020-2021 yillarda viloyatda jami 116 mln. dollarlik 14 ta to‘qimachilik loyihalari amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu qo‘shimcha 2965 ta yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradi.
Joriy yil 29 iyul kuni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasida tashkil etilgan Ishchi guruhi tomonidan Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod, Sardoba tumanlarida joylashgan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari faoliyati bilan joyiga chiqqan holda yaqindan tanishildi. Eng avvalo e’tibor pandemiya oqibatida faoliyati qayta tiklangan korxonalar, shu bilan birga talofat yetgan tumanlarda amalga oshirilayotgan yangi loyihalarga qaratildi.
Jumladan, Oqoltin tumanidagi “Oqoltin mega Tekstil” MCHJda pandemiya bilan bog‘liq og‘ir vaziyatga qaramay tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha ishga tushirish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Tikuv dastgohlari keltirilishi boshlangan. Korxona ishga tushgach 300 ta tuman aholisi doimiy ish bilan ta’minlanadi.
«Target tekstil» MCHJ mavjud bino-inshootlarida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida Juki tikuv mashinalarini sotib olish uchun 200 ming dollar miqdorida bank kreditini ajratish masalalari tijorat banklari bilan muhokama qilmoqda.
Viloyatning Mirzaobod tumanidagi «Guliston gold yarn» MCHJning kalava ip ishlab chiqarish loyihasida qurilish ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda moliyalashtirish ochilgan va dastgohlarni yetkazib berishni jadallashtirish bo‘yicha “Rieter” kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Loyiha joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Sardoba tumanida «Indorama» XK tomonidan paxta-to‘qimachilik klasteri loyihasi doirasida paxta tozalash zavodi qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi. Loyihaning umumiy qiymati 5,5 mln.doll.tashkil etadi hamda 80 nafar yoshlar ish bilan ta’minlandi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




