Joriy yilning 7 oy natijalariga ko‘ra to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportini 1 mlrd. dollardan oshirishga erishdilar.
Ta’kidlash kerakki, 2020 yilga ko‘zlangan 2,1 mlrd. dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksporti yil boshida karantin cheklovlari bois amalga oshmasligi haqiqatga yaqin edi. O‘zbekiston va xorijiy davlatlarda karantin choralari kuchayishi oqibatida yuk tashish narxlarini keskin oshishi va cheklanishi, asosiy bozorlarimiz hisoblangan Xitoy, Turkiya, Rossiya, Yevropa davlatlarida yirik riteyler va savdo markazlari faoliyatini to‘xtatishi oqibatida korxonalarga berilgan buyurtmalar qisman yoki to‘liq bekor qilinishga olib keldi, aholining sotib olish qobiliyatlari sustlashishi sababli mahsulotlarning jahon narxlari pasayishi kuzatildi.
Hukumat tomonidan o‘z vaqtida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi oqibatida 252 tadan oshiq eksport qiluvchi korxonalar faoliyati qayta tiklandi, ishlab chiqarish va eksport jadallashdi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va tarmoq korxonalarining sa’y harakati bilan 2019 yilga nisbatan mahsulotlarning eksportdagi o‘sish sur’ati 112 foizga ta’minlandi hamda
- ip kalavaning jami eksportdagi ulushi 49% foiz,
- gazlama va trikotaj matolar, tayyor tikuv va trikotaj mahsulotlar – qo‘shimcha va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarning jami eksportdagi ulushlari 51% foizga ta’minlashga erishildi.
Pandemiya salbiy oqibatlarga ega bo‘lsada, yangi imkoniyatlarni ham yaratdi. Muqobil transport koridorlari ochilishi, yangi bozorlarga mahsulot yetkazib berilishi va innovatsion mahsulotlarni paydo bo‘lishiga olib keldi.
Masalan, qo‘shni davlatlarda qat’iy karantin choralari qo‘llanilishi va chegaralarni yopilish sababli, O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi bilan birgalikda Eron Islom Respublikasi orqali yuk tashuvlari uchun muqobil yo‘nalishlar (O‘zbekiston (Qoraqalpog‘iston) – Qozog‘iston «Aktau» porti – Kasbiy dengizi – Eron va O‘zbekiston (Qoraqalpog‘iston) – Qozog‘iston – Rossiya -Gruziya – Armaniston/Ozarbayjon – Eron yo‘nalishlari) ishlab chiqildi. Mahsulot eksportida aviatashuvlar ham jadallashtirildi.
Bu o‘z navbatida to‘qimachilik mahsulotlarini yangi bozorlarga yetkazib berish imkoniyati yaratdi. Jumladan, iyun oyida O‘zbekiston Respublikasining Kuvaytdagi elchixonasi ko‘magida «Fursan Al Khaleej» va «Yengilsanoatsavdo» MCHJ o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida Kuvayt davlatiga ilk marotaba to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
Bundan tashqari to‘qimachilik korxonalari tomonidan kunlik 6 mln. dona niqob va 10 ming dona kombinezonlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Himoya vositalari Ukraina, Rossiya, Kuvayt, Belorussiya, Gruziya kabi davlatlarga eksport qilindi.
Umumiy olganda, 395 turdagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari 57 dan ortiq davlatlarga yetkazib berildi. Doimiy bozorlarimiz hisoblangan MDH davlatlari qatorida Kuvayt, Vengriya, Slovakiya va Gretsiya kabi davlatlarga ham ilk bora to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
Eksport qilingan mahsulotlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi ($394,5 mln. – 39,2 %), Xitoy ($187,6 mln. – 18,6 %), Qirg‘iziston ($139,1 mln. – 13,8 %) va Turkiyaga ($123,5 mln. – 12,3 %) to‘g‘ri kelmoqda.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi
Matbuot xizmati
Ma’lumotlarni chop etishda manbani ko‘rsatishni so‘raymiz
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




