“O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan sana – 1992 yil 2 iyulni biz tarixiy voqea sifatida har yili yodga olamiz va nishonlaymiz. Chunki Davlat gerbi – mustaqilligimiz ramzlaridan biri.
Tariximiz va milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan davlatimiz gerbi xalqimiz ozodligining yana bir timsoli sifatida tarixdan joy olganiga 28 yil to‘ldi.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunda gerbimizning qanday ko‘rinishga egaligi yaqqol ifodalab berilgan.
Unga muvofiq
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi gullagan vodiy uzra charaqlab turgan quyosh tasviridan hamda so‘l tomonida bug‘doy boshoqlari, o‘ng tomonida ochilgan paxta chanoqlari suvrati tushirilgan chambardan iborat.
Gerbning yuqori qismida respublika jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan: sakkiz qirra ichida joylashgan yarim oy va yulduz musulmonlarning qutlug‘ ramzidir.
Gerbning markazida himmat, olijanoblik va fidoyilik timsoli bo‘lgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlarini ifodalaydi.
Har bir yurtdoshimiz gerbimizda aks etgan yuksak ma’no-mazmundan cheksiz g‘urur tuyadi. Davlatimizning barcha ramzlari qatori gerbimiz ham hayotimizdan, qalbimizdan chuqur o‘rin egallab, Vatanimiz mustaqilligining chinakam timsollaridan biriga aylandi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




